
Bugungi kunda mamlakatimizda parrandachilikka katta eʼtibor qaratilmoqda. Chunki aynan parrandachilik aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlanishida asosiy ahamiyat kasb etib, qishloqlarda odamlarning ish bilan band boʻlishiga hissa qoʻshadi.
Xabaringiz bor, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-yanvardagi PQ-34-son “Chorvachilik va parrandachilikni qoʻllab-quvvatlash, sohada yuqori qoʻshilgan qiymat yaratish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, Parrandachilik sohasida aholi xonadonlari bilan kooperatsiya asosida ishlash tizimini moliyalashtirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining 50 million AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlari “Mikrokreditbank” ATBning ustav kapitalini oshirishga yoʻnaltirilgan bo‘lib, ayni damda mazkur mablagʻlar hisobiga respublikaning barcha hududlarida parrandachilikning goʻsht va tuxum yoʻnalishida kooperatsiya tizimi asosida 1 million aholini ish bilan taʼminlash boʻyicha “Parranda boqish — daromad topish” loyihasini amalga oshirish belgilangan.
Ushbu loyiha aholi bandligini taʼminlash maqsadida kam quvvatda ishlayotgan korxonalarni moliyaviy sogʻlomlashtirish, tijorat banklari balansidagi xoʻjaliklarni salohiyatli yirik korxonalarga biriktirish, ishlab chiqarish va qayta ishlash tarmoqlari oʻrtasida kooperatsiya tizimini tashkil etish hamda yangi loyihalarni ishga tushirish hisobiga amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.
Mazkur kredit mablagʻlari kooperatsiya tizimi asosida parrandachilik loyihalarini amalga oshirish tashabbusini koʻrsatgan xo‘jalik subyektlariga ajratiladi.
Qaror ijrosi va shu yoʻnalishdagi korxonalar faoliyatini keng yoritish maqsadida joriy yilning 25-mart kuni bank tomonidan moliyalashtirilgan Toshkent viloyatidagi “Umid” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga bir guruh OAV vakillari ishtirokida press-tur tashkil etildi. Press-tur davomida qatnashchilar korxonada parrandachilik mahsulotlari ishlab chiqarish jarayoni bilan yaqindan tanishishdi.
Korxonaning Yangiyoʻl tumani Boʻzsuv mahallasida joylashgan 56 ta parranda (yillik quvvati 7,5 mln bosh broyler) boqish binolarida yiliga 9 ming tonna parranda go‘shti yetishtirish hamda ichki bozorlarga yetkazib berish quvvatlari mavjud.
Shuningdek, 1 ta ozuqa ishlab chiqarish kompleksida yiliga 12,5 ming tonna ozuqa ishlab chiqariladi. 1 ta tovuq soʻyish kompleksida esa soatiga 4 ming bosh parranda soʻyiladi. Korxonadagi 1 ta muzlatkich 1,2 ming tonnagacha mahsulotni o‘zida saqlaydi.
Bundan tashqari, koxonada 157 ming bosh naslli parrandani boqish quvvati mavjud bo‘lib, yiliga 19 mln dona inkubatsion tuxum va 12 mln bosh
1 kunlik broyler jo‘jalar yetishtirish quvvatiga ega.
Korxonaning parrandachilik faoliyatini rivojlantirish loyihasiga “Mikrokreditbank” ATB tomonidan 75 mlrd soʻm miqdorida kredit ajratilgan.
Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida korxona tomonidan viloyatdagi boʻsh turgan va past quvvatda faoliyat yuritayotgan parrandachilik xoʻjaliklari bilan kooperatsiya asosida parranda boqish yoʻlga qoʻyilmoqda.
Eng muhimi, ushbu korxonada hozir 100 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Maʼlumot uchun, “Mikrokreditbank” ATB tomonidan joriy yil boshidan buyon tadbirkorlik subyektlarining investitsion loyihalarini moliyalashtirish uchun 8 ta loyihaga jami 63 mlrd soʻmdan ortiq kredit mablagʻlari ajratib berildi.
2025-yilda 10,4 mlrd dona (2024-yilga nisbatan 103,8 foiz) tuxum va 850 ming tonna (105,3 foiz) tirik vaznda parranda goʻshti yetishtirish rejalashtirilgan.
Bank Axborot xizmati