Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik iqtisodiyotni rivojlantirish, aholi bandligi va daromadlarini oshirishda muhim omildir. Ta’kidlash kerakki, iqtisodiyoti jadal rivojlanayotgan ko‘plab davlatlarda ish o‘rinlarining 70-80 foizi shu soha vakillari tomonidan yaratilmoqda. Barcha nufuzli kompaniyalar tarixi ham aynan kichik va o‘rta biznesdan boshlangan.
Joriy yilning avgust oyida Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz tadbirkorlari bilan ochiq muloqot shaklida o‘tkazilgan uchrashuvida ham davlatimiz rahbari “kichik biznes – bu mahallaga, tumanga yangi muhit olib kiradigan, odamlarimizga shij́oat beradigan katta kuchdir”, deb ta’kidladilar.
Shuningdek, mamlakatda kichik hamda o‘rta biznesni rivojlantirish orqali bir yil ichida kamida 150 mingta kichik biznes subyektini “oyoqqa turg‘izish”, kamida 25 mingtasini o‘rta korxonalarga aylantirish, sohada 250 mingta yangi doimiy ish o‘rni yaratish maqsad qilinganini bildirib o‘tgandilar.
Tabiiyki, bu jarayonda tijorat banklarining o‘rni katta hisoblanadi. Ana shunday sa’y-xarakatlar davomi sifatida “Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat banki IFAD kredit liniyalari hisobidan kichik biznes subyektlari, jumladan dehqon va fermer xoʻjaliklari, qishloq xoʻjaligi sohasida faoliyat yuritayotgan yoki yuritish istagida boʻlgan yosh tadbirkorlarga kreditlar taklif qiladi.
Ushbu imtiyozdan Andijon, Farg‘ona hamda Namangan viloyatlaridagi tadbirkorlar foydalanishi mumkin. Tadbirkorlar qishloq xoʻjaligi sohasidagi istalgan (paxta va bugʻdoy yetishtirishdan tashqari) agrobiznes yoʻnalishidagi investitsiya loyihalari va aylanma mablagʻlari uchun milliy va/yoki xorijiy valyuta (AQSh dollari)da kreditlar olishi mumkin.
Ushbu kredit liniyasi loyiha qiymatidan kelib chiqib, 350 ming AQSh dollari ekvivalentidan oshmagan miqdorda ajratilmoqda. Xususan, fermer va qishloq xoʻjaligi korxonalari 10 ming AQSh dollaridan 350 ming AQSh dollari va/yoki soʻm ekvivalentigacha, ushbu yo‘nalishda faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan yoshlar esa 5 ming AQSh dollaridan 100 ming AQSh dollari va/yoki soʻm ekvivalentigacha kreditlar olishi mumkin.
Bu hali hammasi emas, tadbirkorlar o‘z biznesini faol tarzda rivojlantirib olishi uchun bank tomonidan olti oylik, ikki hamda uch yillik imtiyozli davr bilan o‘n yil muddatgacha kreditlardan foydalanishi mumkin.
Ushbu kredit liniyasi haqida batafsil ma’lumotlarni mkbank.uz sayti orqali olishingiz mumkin.
Bank Axborot xizmati