
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Dehqon xo‘jaliklari tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash orqali aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida dehqon xo‘jaliklari ulushini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida aniq vazifalar belgilangan. Bu borada “Mikrokreditbank” ATB ham faol ishtirok etmoqda.
Mikrokreditbank tomonidan dehqon xoʻjaliklariga ijaraga berilgan hududlardagi 100 dan ortiq konturda 880 gektar yer maydonlarida “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida namunali loyihalarni amalga oshirish uchun 77 ta agregatorlar tanlab olindi.
Agregatorlar tomonidan birinchi ekinda 78 ta mahallaga 855 gektar yer maydoniga “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida poliz va meva-sabzovot ekinlari ekildi. Agregatorlarga tijorat banklari tomonidan 2,9 mlrd soʻm imtiyozli kreditlar ajratildi. Ushbu agregatorlarga 2 973 nafar kishi kooperatsiya aʼzosi sifatida biriktirildi.
Shuningdek, agregator tomonidan takroriy ekinda 76 ta mahallaga 835 gektar yer maydoniga poliz va meva-sabzovot ekinlari ekilishi rejalashtirilgan boʻlib, ularga tijorat banklari tomonidan 1,8 mlrd soʻm kredit ajratilishi rejalashtirilgan.
Kooperativ aʼzolari tomonidan yuqori daromadli va eksportbop (qishki qovun-tarvuz, gulkaram, qizil lavlagi, loviya va sabzi-sholgʻom) mahsulotlari ekilmoqda. Hozirga qadar 70 dan ortiq agregatorlar tomonidan konturlarda kooperativ aʼzolari bilan birgalikda ekinlar ekildi.
Bundan tashqari, “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida namunali “Super loyihani” amalga oshirish maqsadida, bankka biriktirilgan Buxoro viloyati Romitan tumani Azizon mahallasida 3 ta konturda yonma-yon joylashgan jami 15,4 gektar, (ekin maydoni 15,2 gektar) boʻlgan yer maydoni tanlab olindi.
Yer maydoni 69 nafar (31 nafar aholiga 30 sotixdan, 38 nafar yoshlarga 16 sotixdan) fuqarolarga dehqonchilik bilan shugʻullanishlari uchun auksion orqali uzoq muddatli ijaraga berilgan.
Tanlab olingan 15,4 gektar yer maydonida, 1-yil uchun, sentabr oyida brokolli (500 ming dona koʻchat, 1 gektarida 33 ming dona nihol, donasi 700 soʻmdan jami 350 mln soʻm) koʻchati ekildi, dekabr oyida 309 tonna brokolli yetishtirilib, toʻliq eksportga yoʻnaltiriladi.
Bugungi kunda, agregator “Buxoro Export Trade” MCHJga 2024-yil 26-iyulda 15 gektar yer maydonida brokkoli koʻchatlari sotib olish va texnika xizmati uchun 500 mln. soʻm kredit ajratildi hamda 782 mln. soʻm bank homiyligi koʻrsatildi. Buning hisobiga 15 gektar yer maydoni lazerli tekislandi, tomchilab sugʻorish joriy qilindi, 450 metr yangidan ariq qazildi, 500 ming dona brokkoli koʻchatlari yetishtirilib ekildi hamda dala atroflari obodonlashtirildi.
Buning uchun Surxondaryo viloyatidan eksportbop sabzavotlar yetishtirish boʻyicha mutaxassis Xidirov Maʼmurjon (3 oy muddatga shartnoma asosida oyiga 15 mln. soʻm maosh) agronom sifatida jalb qilindi.
Shuningdek, 3 nafar mahalladagi ishsiz fuqarolar suvchi sifatida doimiy ish bilan band qilindi va kooperatsiya azolariga koʻmaklashish (nihol ekish va begona oʻtlardan tozalash) uchun 50-60 nafar fuqarolar mavsumiy ishlarga jalb qilinmoqda.
Bundan tashqari, dala yonidagi avtobus bekati rekonstruksiya qilinib, tikuv sexi tashkil qilindi va kasanachilik asosida 4 nafar xotin-qizlar bandligi taʼminlandi.
Keyingi yildan boshlab, barcha yerlarga fevral oyida plyonka ostiga baqlajon koʻchatlari ekish rejalashtirilgan boʻlib, undan aprel oyidan boshlab noyabrgacha hosil olish koʻzda tutilmoqda.
“Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirish namunali loyihasini amalga oshirish bo‘yicha davlatimiz rahbarining tegishli qarorlariga asosan, 2022-2024-yillarda aholiga ijaraga ajratilgan yer maydonlaridan samarali foydalanish, ularning daromadlarini oshirish va yuqori daromadli, eksportbop mahsulotlar yetishtirish bo‘yicha amaliy ishlar davom etmoqda.
Bank Axborot xizmati


















