
Mikrokreditbank tomonidan xodimlar oʻrtasida kitob oʻqishga boʻlgan qiziqishni oshirish, ularning intellektual salohiyatini kengaytirish va maʼnaviy-maʼrifiy dunyoqarashini boyitish maqsadida navbatdagi muhim tashabbus amalga oshirildi. Bank Bosh ofisida kitob yarmarkasi tashkil etildi.

Unda “Oʻzbekiston” nashriyoti tomonidan 2 000 ga yaqin ilmiy va badiiy kitoblar namoyish etildi. Yarmarkada nafaqat badiiy adabiyot, balki iqtisodiy, psixologik-motivatsion, tarixiy, ilmiy-ommabop hamda bolalar uchun moʻljallangan ensiklopediya va ertak kitoblari ham keng oʻrin oldi.

Shuningdek, jahon va oʻzbek adabiyotining nodir namunalaridan iborat durdona kitoblar bank xodimlarida katta qiziqish uygʻotdi.

Kitob yarmarkasi nafaqat maʼrifiy, balki tarbiyaviy ahamiyatga ham ega boʻldi.
U xodimlar oʻrtasida oʻzaro fikr almashish, yangi adabiyotlar bilan tanishish va bilim doirasini kengaytirish uchun muloqot maydoniga aylandi.

Mikrokreditbank bu kabi tadbirlarni kelgusida ham muntazam ravishda tashkil etishni rejalashtirgan. Chunki bugungi axborot asrida zamonaviy bilim va maʼlumotga ega boʻlish, intellektual rivojlanish, eng avvalo, kitobga murojaat qilishdan boshlanadi.
Bank Axborot xizmati


















