
Bank tomonidan moliyalashtirilayotgan loyihalar ko‘p, biroq ularning barchasi ham ko‘zlangan biznes reja ko‘rsatkichlariga erisha olmaydi. Bunda tashqi va ichki omillar, zarur qo‘shimcha ko‘mak zarur bo‘lishi mumkin. Shundan kelib chiqib, bank mutasaddilari joylarda bo‘lib, loyihalar bilan yaqindan tanishmoqda.

Buxoro viloyati Romitan tumanidagi "Rom-Star" Oʻzbekiston-Amerika-Rossiya qoʻshma korxonasi pillachilik sohasini zamonaviy asosda rivojlantirayotgan yirik korxonalardan biri hisoblanadi. Korxonani moliyalashtirish maqsadida “Mikrokreditbank” ATB Buxoro BXO tomonidan jami 66 milliard soʻm kredit mablagʻlari ajratilgan.
Ushbu mablagʻlar hisobidan zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilib, bugungi kunda 150 nafar fuqaro doimiy ish bilan taʼminlandi. Shuningdek, korxona huzurida 350 nafar tinglovchiga moʻljallangan zamonaviy pillachilik o‘quv markazi tashkil etilgan bo‘lib, bu yerda soha uchun malakali mutaxassislar tayyorlanmoqda.

Korxonada ishlab chiqarilgan yuqori sifatli pilla mahsulotlari xalqaro talablarga mos ravishda qayta ishlanib, Xitoy Xalq Respublikasiga eksport qilinmoqda. Korxonaning yillik eksport hajmi 3 million AQSH dollarini tashkil etadi. Bu esa nafaqat korxonaning eksport salohiyatini, balki Buxoro viloyati va mamlakatimiz eksport ko‘rsatkichlarini oshirishga ham munosib hissa qo‘shmoqda.
Eng muhimi, ushbu loyiha yangi ish oʻrinlarini yaratish, aholi bandligini taʼminlash, pillachilik sohasini rivojlantirish va hudud iqtisodiy taraqqiyotini jadallashtirishga xizmat qilmoqda. Mikrokreditbank tomonidan amalga oshirilayotgan moliyaviy qoʻllab-quvvatlash natijasida bunday istiqbolli loyihalar soni tobora ortib bormoqda.
Yaqinda ushbu korxonada bankning viloyatdagi mutasaddilari bo‘lib, korxonaning ipak tolasidan Turkiya texnologiyasi yordami gilam ishlab chiqarish loyihasi bilan tanishishdi. Kelgusida mazkur loyihani ham bank moliyaviy ko‘magida amalga oshirishga kelishib olindi.
“SIYOVUSH TEKSTIL BUXORO” MChJ korxonasi ham hududdagi yirik ishlab chiqarish loyihalaridan biri hisoblanadi. Korxona tomonidan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihasi hududda sanoatni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.

Mazkur korxona faoliyati xomashyo yetishmasligi sabab, tuxtab qolgan edi. Bankning moliyaviy yordamida ishlab chiqarish faoliyatini uzluksiz tashkil etish hamda aylanma mablag‘larini to‘ldirish maqsadida 3 mln AQSH dollari miqdorida qo‘shimcha kredit mablag‘i ajratildi.
Ajratilgan aylanma mablag‘ krediti hisobidan Turkiya Respublikasidan ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan xomashyo mahsulotlar xarid qilindi. Hozirgi kunga qadar korxonaga 30 ta yuk avtomashinasi (fura) orqali mahsulot olib kelindi.
Korxonaning asosiy faoliyati zamonaviy texnologiyalar asosida akril kalava iplari ishlab chiqarishdan iborat. Ishlab chiqariladigan mahsulotlar ichki bozor bilan bir qatorda Turkiya, Rossiya hamda boshqa xorijiy davlatlarga eksport qilinadi. Bu esa korxonaning eksport hajmini oshirish, valyuta tushumlarini ko‘paytirish hamda mamlakatimiz to‘qimachilik sanoati rivojiga munosib hissa qo‘shishiga xizmat qiladi.
Loyiha doirasida 150 ta yangi doimiy ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, hudud aholisini barqaror ish bilan ta'minlash va ularning daromadlarini oshirishga xizmat qilmoqda.
O‘rganish davomida ushbu korxonaning to‘liq quvvatda ishga tushirilishi hamda bank krediti evaziga qo‘shimcha buyash sexi faoliyatini ham yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi. Natijada ishlab chiqarish hajmi bosqichma-bosqich oshib, eksport geografiyasi kengayadi hamda yangi bozorlar o‘zlashtiriladi.
Bank Axborot xizmati

















