Maʼlumki, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida “drayver” sohalarni rivojlantirish va hududlar  salohiyatidan  toʻliq  foydalanish  koʻzda  tutilgan  boʻlib, 2030-yilga qadar iqtisodiyot hajmini ikki barobar oshirish va “daromadi oʻrtachadan yuqori boʻlgan davlatlar” qatoriga kirish rejalashtirilgan. Bunda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan kompleks rivojlantirishga, xususan Sayxunobod, Uychi, Zarbdor va Gʻijduvon tumanlarida joriy qilingan tajribalar asosida tizimli ishlar olib borilmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan berilayotgan koʻrsatma va topshiriqlarni oʻz vaqtida, samarali va tizimli ijro etish maqsadida  hududlarni  ijtimoiy-iqtisodiy  rivojlantirish  borasida  bir  qator dasturlar tasdiqlanib, ijroga qaratilmoqda.  

“Mikrokreditbank” ATB tomonidan aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish orqali ularning daromadlarini oshirish, yangi ish oʻrinlari yaratish, ishsiz fuqarolarni biror faoliyat turi bilan band qilish, mahallalarda tadbirkorlik muhitini shakllantirish maqsadida katta qadamlar tashlangan. Mahalla va xonadonlar kesimida aholining talab, taklif hamda ehtiyojlaridan kelib chiqib, biznes loyihalar taklif qilinmoqda. Ularning tadbirkorlikka ilk qadam qoʻyishlarida koʻmaklashilmoqda. 

Mikrokreditbankka biriktirilgan mahallalarda aholi bandligini taʼminlash va daromadlarini oshirish boʻyicha “Sayhunobod, Uychi, Zarbdor va Gʻijduvon tajribasi”ni keng joriy etish orqali I yarim yillikda qanday koʻrsatkichlarga erishildi? 

Quyida shular haqida qisqacha to‘xtalamiz.

Ta’kidlash kerakki, Mikrokreditbank tomonidan “Sayxunobod tajribasi” doirasida respublika boʻyicha 116 ta shahar va tumanlardagi 1 230 ta mahallalarga 157 ta hududiy boʻlinmalardan jami 1 230 nafar xodim biriktirildi.

“Dolzarb 20 kunlik” doirasida har bir mahallaga biriktirilgan bank xodimi va hokim yordamchilari tomonidan 5-7 ta kam daromadli jami 7 767 ta xonadonlarga 136,5 mlrd soʻmlik loyiha paketlari yetkazib berilishi natijasida 15 844 nafar aholining bandligi taʼminlandi.

Bunda tanlangan xonadonlarga 37 gektar (1,6 mingta xonadon) ixcham issiqxona, 34 gektar uchun bogʻdorchilik koʻchatlari, 154 ming bosh parranda, 
7,1 ming dona asalari qutilari, 12,7 ming bosh chorva mollari yetkazib berildi.

Yuqoridagi maqsadlar uchun bank tomonidan 123,1 mlrd soʻmlik kreditlar va 8,2 mlrd soʻmlik (barcha tashkilotlar tomonidan) homiylik mablagʻlari ajratildi. 

Misol uchun, Buxoro  viloyati Romitan tumani Samosiy mahallasida Saidov Nutfillo xonadoniga 64 mln. soʻm kredit mablagʻlari hisobiga 4 ta asalari uyasi, 10 bosh qoʻy yetkazib berildi. Shuningdek, 6 sotix tomorqasining 2 sotixida kartoshka, 2 sotixida pomidor va bodring hamda qolgan 2 sotixida boshqa ekinlar (qovoq, loviya, piyoz va hokazo) ekildi. Mazkur xonadon oldin yiliga 27,7 mln. soʻm daromad olgan boʻlsa, bank koʻrsatgan amaliy koʻmagi natijasida yillik oʻrtacha daromadi 64,7 mln. soʻmga yetkazildi.

Shuningdek, Bankka biriktirilgan tumanlarda 3 tadan yaxlit konturda “bir kontur-bir mahsulot” tamoyili asosida namunali loyihalar ham amaliyotga keng tatbiq etildi. 

Masalan, dehqon xoʻjaliklariga ijaraga berilgan 100 dan ortiq konturdagi 859 gektar yer maydonlarida “Bir kontur, bir mahsulot” tamoyili asosida namunali loyihalarni amalga oshirish uchun 79 ta agregatorlar tanlab olindi. 

Agregatorlar tomonidan birinchi ekinda 78 ta mahallaga 859 gektar yer maydoniga “Bir kontur, bir mahsulot” tamoyili asosida poliz va meva-sabzovot ekinlari ekilgan. Agregatorlarga tijorat banklari tomonidan 3,4 mlrd. soʻm imtiyozli kreditlar ajratilgan. Ushbu agregatorlarga 2 908 nafar kishi kooperatsiya aʼzosi sifatida biriktirildi.

Shu oʻrinda Bankning mijozlari bilan oʻtkazilgan uchrashuvlari ham dastur ijrosini taʼminlashda alohida ahamiyat kasb etadi. 

Aprel-iyul oylarida bankning yuridik mijozlari orqali 45 591 ta (rejaga nisbatan 111%, 50 780 ta) yangi ish oʻrni yaratildi. 
Yaratilgan ish oʻrinlari “Yangiish.mehnat.uz” platformasiga toʻliq kiritilmoqda.

Bankning mijozlari bilan aprel-iyul oylarida Boshqaruv raisi oʻrinbosarlari, departament direktorlari va hududiy boshqarma boshliqlari tomonidan jami 290 marotaba urshashuvlar oʻtkazildi.

Uchrashuvlarda 5 019 ta murojaat tushgan boʻlib, shundan 3 281 ta murojaat ijobiy (shundan, 3 045 tasiga 370 mlrd. soʻm kredit va 8 ta 21 mlrd. soʻm kredit qarzdorligini muddati uzaytirildi) hal qilinib, 7 125 ta yangi ish oʻrni yaratildi. Qolgan murojaatlarning ham ijrosini bajarish choralari koʻrilmoqda. 

Misol uchun, Xorazm viloyati Yangiariq tumanidagi “Ostona Mebel Servis” XK Avtomaktab tashkil etish uchun 2 mlrd. soʻm kredit olish yuzasidan bankka murojaat qilgan. Tadbirkorga PQ-212-sonli qaror asosida 2 mlrd. soʻm kredit ajratilib, 5 nafar yangi ish oʻrni yaratildi.

BRB instrumentlarining samaradorligi boʻyicha joriy yilning 1-avgust holatiga PQ-306-sonli qaror doirasida 6 767 nafar fuqaroga 686,5 mlrd. soʻmlik imtiyozli kredit olish uchun sertifikatlar berilgan. Bankning hududiy boʻlinmalari tomonidan 4 776 nafar mijozga 469,4 mlrd. soʻmlik kredit ajratilishi natijasida 8 422 ta yangi ish oʻrni yaratildi.

Bank tomonidan shuningdek, mahallalarda mikro va kichik loyihalarni amalga oshirish yuzasidan ham qator ishlar bajarildi.

Hokim yordamchilari bilan birgalikda bankka biriktirilgan mahallalarda  16 014 ta mikroloyihaga 588 mlrd. soʻm kredit ajratilib, 29 028 ta yangi ish oʻrni yaratilib, ijrosi 126 foizga bajarildi. Shuningdek, “Online Mahalla” platformasiga hozirga qadar jami 1 trln. soʻmlik 15 477 ta mikroloyihalar kiritildi. 

Bankka biriktirilgan mahallalarda ajratilgan kreditlar boʻyicha bugungi kunga qadar 38 278 ta jismoniy va yuridik shaxslarga 1 trln. 36 mlrd. soʻmlik imtiyozli kreditlar ajratildi. Jumladan,
-  PQ-306-sonli qarori doirasida 1 495 ta tashabbuskorga 144 mlrd soʻm;
- Oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida 27 105 nafariga 436,6 mlrd soʻm;
- “Biznesga birinchi qadam” bank mahsuloti 6 746 nafar aholiga 88,2 mlrd soʻm. Shuningdek, oʻz oʻzini band qilgan jismoniy shaxslarga “Mahalla biznesi” kredit mahsuloti doirasida 5 272 nafar aholiga tadirkorligini boshlashi uchun 78,1 mlrd soʻm kredit ajratildi. 

II yarim yillikda qanday ishlar amalga oshiriladi?

“Mikrokreditbank” tomonidan “Sayhunobod, Uychi, Zarbdor va Gʻijduvon tajribasi”ni keng joriy etish boʻyicha II yarim yillikda ham aholining biznes loyihalarini qoʻllab-quvvatlash, fuqarolar, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarning bandligini taʼminlash boʻyicha muayyan ishlar amalga oshirilishi koʻzda tutilgan. 

Jumladan, yangi bank mahsluotlari, oilaviy tadbirkorlik dasturlari, norasmiy ish oʻrinlarini tiklash, yangi investitsion loyihalar, kasanachilik va boshqa faoliyat turlari hisobiga yil yakunga qadar 215 171 nafar ish oʻrnini yaratish rejalashtirilgan. 

Bankka biriktirilgan mahallalarda qaror doirasida 6575 nafar tadbirkorga 548,7 mlrd soʻm kredit ajratilishi natijasida 13 000 dan ortiq aholini bandligini taʼminlanadi. 

Shuningdek, II yarim yillikda ham mahallalarda mikro va kichik loyihalarni amalga oshirish orqali yangi ish oʻrinlarini yaratish maqsad qilingan. Kichik ishlab chiqarish, qishloq xoʻjaligi va xizmat koʻrsatish kabi 24 966 ta mikroloyihalar uchun 493,4 mlrd. soʻmlik bank krediti yoʻnaltiriladi. Loyihalar ishga tushishi natijasida 50 212 ta ish oʻrni yaratiladi.

Bugun mahallalarga biriktirilgan har bir masʼul xodim xonadonma-xonadon yurib, fuqarolarning yashash tarzi, qiziqishlari va qanday faoliyat bilan shugʻullanayotgani, murojaat va muammolarini oʻrganmoqda. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan islohotlar natijasida bugun odamlarning turmush sharoitlari yaxshilanib, moddiy jihatdan farovonligi ortib bormoqda. Ishsizlar soni kamayib, mahallalarda yangi yoʻnalishlarda kichik tadbirkorlar koʻpaymoqda. Bu esa davlatimiz va bank oldiga qo‘ygan maqsadlar sari dadil odimlashiga xizmat qiladi.

Bank Axborot xizmati