
Xorazm xalq meʼmorligining durdona namunalarini oʻzida mujassam etgan Ichan qalʼa — Sharqning ekzotik shahri timsoli sifatida eʼtirof etiladi va u Markaziy Osiyodagi birinchi jahon merosi hisoblanadi. Ichan qalʼaga tashrif buyursangiz, nafaqat undagi meʼmoriy obidalarning jozibasidan, balki Xorazmning oʻziga xos urf-odat, anʼanalari, milliy hunarmandchilik namunalaridan ham bahramand boʻlasiz. Xorazmlik hunarmandlar orasida xotin-qizlarning ham oʻz oʻrni bor.
Anjela Davletova uzoq yillardan buyon milliy liboslar dizayni bilan shugʻullanadi. U yaratayotgan liboslar oʻzining zamonaviyligi va betakrorligi, oʻzbek milliy madaniyatini oʻzida aks ettirgani bilan ahamiyatli, shu boisdan ham uning xaridorlari juda koʻp. Anjelaning faoliyati “Mikrokereditbank” ATB tomonidan qoʻllab-quvvatlab kelinmoqda. 2022-yilda unga tikuvchilik yo‘nalishi uchun 120 million soʻm miqdorda imtiyozli kreditlar ajratilgan edi. Bu mablagʻlarga zamonaviy tikuv dastgohlari xarid qilib, faoliyatini yanada kengaytirishga muvaffaq boʻldi.
- Men tadbirkorlar oilasiga kelin boʻlganman. Qaynotam, qaynonam, turmush oʻrtogʻim va boshqa oilamiz aʼzolari xizmat koʻrsatish sohasida faoliyat olib borishadi. Men ham oʻzim qiziqqan dizaynerlik yoʻnalishida ishlamoqchiligimni bildirganimda, ular meni qoʻllab-quvvatladi. Tikuv sexi tashkil qilishda esa bankning koʻmagiga tayanganman. Mikrokreditbankdan uch marotaba imtiyozli kredit olib oʻz faoliyatimni kengaytirganman. Bugungi kunda biz yaratayotgan liboslar ham mahalliy, ham xorijiy sayyohlarning eʼtiborida. Shuningdek, bu maskanda ustoz-shogird anʼanalari asosida ham ish olib boryapmiz. Seximizda 20 nafar ishchi bor. Ularning barchasi shogirdlarim, — deydi u.
Anjela Davletova tomonidan “Tilla dukart fashion school” brendi ostida yaratilayotgan liboslar qator tanlov va festivallarda namoyish etib kelinadi. Yaqinda Xiva shahrida oʻtkazilgan “1000 ta hunarmand festivali va liboslarda milliy hamda anʼanaviy qadriyatlar uygʻunligi” shiori ostidagi milliy modalar namoyishida ham ishtirok etib, faxrli oʻrinni egalladi.
Xorazmda Anjela kabi hunarmandchilik ortidan obroʻ-eʼtibor qozonayotgan, yaxshigina daromadga ega boʻlayotgan xotin-qizlar koʻplab topiladi. Kalta minor mahallasi, Shohimardon koʻchasida moʻjzagina bir hovli bor.
Bu yerda hunarmandchilikning eng qadimiy turlaridan biri boʻlgan kulolchilik bilan shugʻullanayotgan Dilnoza Otajonova faoliyatiga guvoh boʻlish mumkin. U ayni paytda Xiva shahar tadbirkor ayollar uyushmasi rahbari sifatida ham faoliyat olib bormoqda. “Ayollar daftari”dagi ishsiz xotin-qizlarning bandligini taʼminlash, ularni kasanachilikka jalb etishda Dilnozaning hissasi katta.
- 100 nafardan ortiq shogirdim bor, - deydi u biz bilan suhbatda. – Faoliyatimni 2007-yilda boshlaganman. Kulolchilik menga qaynota kasb. Oʻz faoliyatimni samarali davom ettirish uchun Mikrokreditbankning imtiyozli kreditlaridan foydalanib kelmoqdaman. Birinchi bor 33 million soʻm, ikkinchi marotaba 100 million soʻm miqdorda kredit olib, loy qoradigan uskuna va pechlar xarid qilganman. Mahsulotlarimizning asosiy xaridorlari xorijiy sayyohlardir. Qoʻl mehnati bilan yaratilayotgan namunalar ularni doimo hayratlantiradi. Maqsadim, oʻzim kabi kulol ayollar safi kengaysa deyman. Buning uchun doimiy ravishda mahorat darslari oʻtkazib turaman, shu bilan birga xotin-qizlarimizga kulolchilik sirlarini oʻrgatish uchun ham alohida oʻquv kurslari tashkil qilganman.
Yurtimizda xotin-qizlarning huquq-manfaatlarini qonuniy himoya qilish, ular uchun yangi ish oʻrinlari yaratish, kasb-hunarga oʻrgatish, xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish, turmush sharoitlarini yaxshilash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylandi. Mikrokreditbank tomonidan ham aynan xotin-qizlar tadbirkorligini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, ular faoliyatini rivojlantirishga hissa qoʻshishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Raqamlarga toʻxtaladigan boʻlsak, 2024-yil 21-oktabr holatiga 110 mingdan ortiq aholi va tadbirkorlik subyektlariga imtiyozli shartlarda jami 1 848 mlrd. soʻm kreditlar ajratilishi natijasida 110 463 nafar aholi bandligi taʼminlandi.
Mazkur dastur doirasida ajratilgan kreditlarning 38 foizi yoshlar hissasiga 51 foizi esa aynan xotin-qizlarning hissasiga toʻgʻri keladi.
Asli ayol nafaqat oila ravnaqi hamda farzandlar tarbiyasi bilan mashgʻul ona va uy bekasi boʻlishi, balki jamiyat hayotida ham oʻz oʻrniga ega boʻlishi, turli sohalarda yuksak muvaffaqiyatlarga erishishi mumkin. Anjela va Dilnoza kabi hunarmand opa-singillarimiz safi kengayaversin.
Bank Axborot xizmati