
(2026-yil 1-yarim yillikda amalga oshirilgan ishlar xususida)
Bugun davlatimiz rahbarining har bir farmon va qarorlari, yigʻilish bayonlarida davlat va ijro organlari oldiga qoʻyilayotgan topshiriqlar asosan aholi bandligini taʼminlash va barqaror daromad manbaini shakllantirish, hududlarda kambagʻallikni butkul tugatishga yoʻnaltirilgan.
Ayniqsa, ijro natijasi boʻyicha aniq hisobdorlikni taʼminlashga qaratilgan davlatimiz rahbarining PF-117-sonli farmoni bo‘yicha Mikrokreditbankda ham qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Jumladan, 2025-yil 1-oktabrdan boshlab har oyda ijro intizomi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni bank veb-sahifalariga joylashtirish, shuningdek, har chorakda keng jamoatchilikka hisobot berish tartibi belgilab qoʻyildi.
Bu esa bankda ijro intizomini mustahkamlash va ijro nazorati mexanizmlarini yanada takomillashtirishga xizmat qilmoqda.
Bankda ijro intizomining samaradorlik koʻrsatkichlari bevosita “KPI” tizimiga bogʻlandi va shu asosda ijro samaradorligini baholash tizimli yoʻlga qoʻyildi.
Shuningdek, topshiriqlar ijrosini tashkil etish bilan bogʻliq barcha masalalar har hafta juma kuni Boshqaruv raisi oʻrinbosarlari, dushanba kuni Boshqaruv raisi huzurida hamda har oyda bank Boshqaruvida tanqidiy muhokama qilinib kelinmoqda.
Ijro intizomini mustahkamlash maqsadida hisobot yilida jami 6 marotaba oʻquv seminarlari tashkil qilindi. Shuningdek, ijro intizomi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bankning hamda Adliya vazirligining veb-sahifalariga joylashtirilib, har oyda maʼlumotlar yangilab borilmoqda.
Tahlillarga koʻra, joriy yilning 1-yarim yilligida “ijro.gov.uz” idoralararo yagona elektron tizim orqali Mikrokreditbank zimmasiga davlatimiz rahbarining 358 ta topshiriqlari ijrosi yuklatilgan. Bankda amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida ushbu topshiriqlarning ijrosi taʼminlandi.
Davlatimiz rahbarining farmonlari va qarorlarida belgilangan topshiriqlar asosida aholi va tadbirkorlik subyektlarining loyihalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash uchun 2026-yilning 1-yarim yilligida jami 6,8 trln. soʻm bank kreditlari ajratildi. Jumladan, kichik va o'rta biznes subyektlarini qoʻllab-quvvatlash uchun 5,3 trln. so‘m, shundan:
kichik biznes subyektlarini qoʻllab-quvvatlash doirasida 303 mlrd. soʻm;
oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida 1,1 trln. soʻm;
“biznesga birinchi qadam” doirasida 321,1 mlrd. soʻm;
“mening mahallam” dasturi doirasida 902,6 mlrd. soʻm;
investitsiya dasturi doirasida 2,8 trln. soʻm;
yirik loyihalarga (oboroti 100 mlrd. soʻmdan yuqori) 338,7 mlrd. soʻm ajratildi.
Mikrokreditbank kreditlari hisobiga aprel-iyun oylarida moliyalashtirilgan 51 538 ta loyiha ishga tushirilib, 99,677 ta ish oʻrni yaratildi. Shundan, 13 996 nafari doimiy ishga joylashtirildi va 85 681 nafari tadbirkorlikka jalb qilindi.
Misol uchun, Fargʻona viloyati Oltiariq tumanida “Ejrin” MCHJning qiymati 9,9 mlrd. soʻm (bank krediti 7,4 mlrd soʻm) boʻlgan Intensiv bogʻ va quyosh paneli tashkil etish hamda eksportni kengaytirish loyihasi amalga oshirilishi natijasida 30 ta ish o‘rni yaratildi.
Bundan tashqari, bank investitsion loyihalari hisobidan Namangan viloyati, Namangan shahar, Davlatobod tumani “Yangi Namangan shaharchasi”da 3 ta 16 qavatli jami 384 ta xonadondan iborat turar-joy majmuasini qurish ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Toshkent shahar, Olmazor tumani, Zarqaynar koʻchasida joylashgan 420 oʻringa moʻljallangan 3 qavatli restoran, 72 oʻrinli restoran, 70 m2 maydonda hunarmandlar markazi va 56 oʻrinli 28 xonadan iborat 3 qavatli mehmonxona qurib bitkazildi.
Toshkent viloyati, Boʻstonliq tumani, Chimgan MFY, Sazbet koʻchasi 192-uy manzilida qurilgan 72 oʻrinli restoran va 77 ta apartamentdan iborat “APART-HOTEL” majmuasi ham foydalanishga topshirildi.
Bugun mamlakatimizda turizmni yanada rivojlantirish, sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida, Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Sirdaryo, Xorazm, Fargʻona, Surxondaryo, Samarqand va Toshkent shaharlarida 10 dan ortiq koʻcha obodonlashtirilib, 24/7 rejimda tunu-kun ishlaydigan savdo, koʻngilochar shoxobchalari ishga tushirildi.
2026-yilning yanvar-iyun oyida 8 048 ta mikroloyiha “Online-mahalla.uz” platformasiga kiritildi. Platformaga kirtilgan 4 138 ta mikroloyiha uchun 207,2 mlrd soʻm bank krediti ajratilib, 12 011 ta ish oʻrni yaratildi.
Shuningdek, kam daromadli 2 379 ta xonadonga 11, 8 mlrd. soʻmlik loyiha paketlari yetkazib berilib, 4 800 nafar aholi bandligi taʼminlandi.
Mikrokreditbankka biriktirilgan mahallalarda mahalla bankiri va yordamchi agentlari tomonidan yanvar-iyun oyida 6,8 mingta plastik karta, 333 nafar aholidan 37,2 mlrd. soʻm omonat, 7 133 nafar aholiga 335,4 mlrd. soʻm kreditlar ajratilishiga koʻmaklashildi va 28,2 mlrd. soʻmlik muammoli kreditlar undirildi.
Mamlakatimizda aholi bandligini taʼminlash va turmush farovonligini oshirish, kambagʻallikni qisqartirish, shuningdek, tadbirkorlikni rivojlantirish borasida qabul qilinayotgan qonunchilik hujjatlari hamda berilayotgan topshiriqlarning sifatli ijrosini taʼminlashning barcha choralari koʻrib boriladi.
Bank Boshqaruvi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumat hujjatlari ijrosi qatʼiy nazoratga olingan.

















