
MKBANKda “Xavfsiz va sogʻlom yurt” kompleks tezkor-profilaktik tadbirlari oyligi doirasida Ichki ishlar vazirligi Tezkor qidiruv departamenti bilan hamkorlikda “Oʻzbekistonda giyohvandlik va psixotrop moddalarning salbiy oqibatlari, ularning yoshlar hayoti va kelajagiga tahdidi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda Boshqaruv raisi oʻrinbosari S.Melibayev, Ichki ishlar vazirligi Tezkor qidiruv departamenti xodimi, kapitan Ulugʻbek Altiboyev, bank xodimlari va yoshlar ishtirok etdi.

Mazkur tadbirning asosiy maqsadi - bank xodimlari, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, giyohvandlik va psixotrop moddalar isteʻmolining ayanchli oqibatlari haqida xabardorlikni oshirish hamda ularni turli zararli illatlardan asrashga qaratildi.

Davra suhbati davomida Ichki ishlar vazirligi Tezkor qidiruv departamenti mutaxassisi tomonidan giyohvandlik va psixotrop moddalarning inson salomatligi, ruhiy holati hamda ijtimoiy hayotiga koʻrsatadigan salbiy taʻsiri haqida batafsil maʻlumot berildi. Shuningdek, ushbu illatlarning yoshlar kelajagi, oilaviy muhit va jamiyat taraqqiyotiga yetkazadigan zararli oqibatlari hayotiy misollar asosida tushuntirildi.


Tadbirda giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish borasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, amaldagi qonunchilik talablari hamda bu turdagi huquqbuzarliklar uchun belgilangan javobgarlik masalalariga alohida eʻtibor qaratildi.


Tadbir yakunida ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollar yuzasidan mutaxassislar bilan fikr almashdi.
Davra suhbati ochiq muloqot ruhida oʻtib, yoshlarni turli tahdidlardan himoya qilish, ularning huquqiy ongi va fuqarolik masʻuliyatini yuksaltirish borasida muhim ahamiyat kasb etdi.
MKBANK xodimlar uchun bu kabi maʻnaviy-maʻrifiy va profilaktik tadbirlarni izchil davom ettiradi.
Bank Axborot xizmati

















