Mamlakatimizda inson manfaatlari oliy qadriyat darajasiga koʻtarildi. Bugun barcha davlat idoralari faoliyatida aholining murojaatlari bilan ishlash boʻyicha sifat jihatidan mutlaqo yangi tizim yaratildi. Joylarda oʻtayotgan sayyor qabullar xalqning dardini eshitish, ularning muammolarini hal etishda, shak-shubhasiz, kutilgan natijalarni bermoqda. 

Mikrokreditbank ATB ham aholi murojaatlarini o‘rganish, joylardagi real vaziyatlar bilan tanishish maqsadida doimiy tarzda sayyor qabullar o‘tkazib kelmoqda. 

Ushbu uchrashuv va sayyor qabullar davomida mahalliy dasturlarga kiritilgan loyihalarni oʼz vaqtida moliyalashtirish, aholining keng qatlamlari, eng avvalo ehtiyojmand oilalar, ishsiz yoshlar va xotin-qizlar roʼyxatini shakllantirish va ular bilan manzilli ishlash boʼyicha “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Аyollar daftari” joriy qilinganligi, bu borada fuqarolarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilishda ularga belgilangan tartibda kredit ajratish tartiblari hamda bank xizmat turlari toʼgʼrisida batafsil tushuntirishlar berilmoqda. 

Xususan, joriy yilning 9 oyida bank Boshqaruvi rahbariyati tomonidan 20 marotaba sayyor qabullar tashkil etilib, aholi va tadbirkorlik subʼektlarining murojaatlari qabul qilindi. Mazkur sayyor qabullar davomida 344 nafar fuqarolardan murojaatlar tushgan boʼlib, ushbu murojaatlarning 244 tasi ijobiy yechilgan boʼlsa, 100 tasiga huquqiy tushuntirishlar berildi. 

Bank Boshqaruvi tomonidan bu kabi uchrashuv va sayyor qabullarni kelgusida ham tashkil qilish hamda aholi va tadbirkorlik subʼektlarining murojaatlarini hal etib borish rejalashtirilgan.

 Bank Аxborot xizmati