Joriy yilning 28-mart kuni MKBANK bosh ofisida bank jamoasi, jurnalist va blogerlar uchun "Mikrokreditbank" ATB tomonidan 2022-yilda erishilgan natijalar sarhisobi boʻyicha hisobot-matbuot anjumani oʻtkazildi.
Ushbu tadbirni “Mikrokreditbank” ATB Boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari A.Xamidov ochib, 2022-yilda erishilgan natijalar toʻgʻrisida maʼlumot berdi.
Oʻtgan 2022 –“Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida inson qadrini ulugʻlashga yoʻnaltirilgan ijtimoiy himoya siyosati, mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish hamda hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashda Mikrokreditbank oʻzining munosib hissasini qoʻshdi.
Bugungi kunda mamlakatimizning barcha mintaqalarida bankning 65 ta filiali, 6 ta bank xizmatlari ofislari, 88 ta bank xizmatlari markazlari va 260 ta uzluksiz ishlovchi 24/7 bank shoxobchalari orqali aholi va tadbirkorlik subyektlariga barcha turdagi bank xizmatlari koʻrsatib kelinmoqda.
2023-yil 1-yanvar holatiga bankimizda 2 425 929 ta jismoniy, 158 700ta yakka tartibdagi tadbirkorlik subyektlari, 176 787ta yuridik shaxslar, jami 2 761 416 nafar mijozlarga xizmat koʻrsatib kelinmoqda.
Bank xodimlari xalqaro moliya institutlari va mahalliy oʻquv muassasalarida oʻtkazilgan oʻquv-trening va onlayn kurslarda oʻqitilib, ularning malakalari doimiy ravishda oshirib kelindi. 2022-yilda bankning 235 nafar xodimlari Xalqaro moliya institutlari kurslarida oʻz malakalarini oshirib qaytdilar.
Bankni yangi formatdagi zamonaviy bankka aylantirishda transformatsiya jarayonlari boʻyicha ishlab chiqilgan “Yoʻl xaritasi”da belgilangan chora-tadbirlar 2022-yilda ham davom ettirilib, quyidagi natijalarga erishildi:
Bankning Kuzatuv Kengashi tarkibiga xalqaro tajribaga ega boʻlgan 2 nafar yangi mustaqil aʼzo hukumat bilan kelishgan holda jalb qilinib, aksiyadorlar umumiy yigʻilishida saylandi va xalqaro malakaga ega aʼzolar soni jami 4 nafarga yetkazildi.
2022-yil avgust oyida bank rebrendingi oʻtkazilib, bankning yangi sayti ishga tushirildi.
Bankning yangi rasmiy veb-sayti uchun www.mkbank.uz (mahalliy) hamda www.uzmkbank.com (global) internet domenlari xarid qilindi hamda rebrending tadbiri kuni bankning yangi veb-sayti ishga tushirilib, sayt kontenti va maʼlumotlari doimiy ravishda yangilab kelinmoqda.
Bank xizmatidan foydalanuvchilarga qulaylik yaratish maqsadida Aloqa-markazi-Call–markazi tashkil etilib, 1285 qisqa raqami orqali malakali mutaxassislar ularga zarur maʼlumotlarni taqdim etib kelmoqda.
Xodimlar mehnatini munosib ragʻbatlantirish maqsadida, ularning samaradorlik koʻrsatkichlaridan kelib chiqib, ragʻbatlantirish KPI tizimi joriy qilindi.
Bank infratuzilmasini kengaytirish maqsadida xizmat koʻrsatish nuqtalari soni 422 taga, bankomatlar umumiy soni 529 taga hamda elektron navbat qurilmasi bilan jihozlangan xizmat nuqtalari soni 61 taga yetkazildi.
Bankimiz mamlakat iqtisodiyotining real sektorini kreditlashda faol qatnashib, kredit portfelini 13,1 trln. soʻmga yetkazdi va uning jami aktivlardagi ulushi 74,1 foizni tashkil etdi.
Bank kredit portfelining 27,3 foizi sanoat va ishlab chiqarish, 13,9 foizi qishloq xoʻjaligi, 10,8 foizi savdo va umumiy ovqatlanish, 1,4 foizi transport va aloqa, 1,4 foizi qurilish sohasi, 34,4 foizi jismoniy shaxslar va 10,8 foizi boshqa tarmoq sohalari hissasiga toʻgʻri keladi.
Chakana biznes yoʻnalishida jami 1,4 trln. soʻm kreditlar ajratilib, ular aholi va mijozlarning mikroqarz, isteʼmol krediti, taʼlim krediti, overdraft krediti, avtokredit krediti hamda ipoteka kreditlari kabi maqsadlarini qondirish uchun yoʻnaltirildi.
Yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ijtimoiy himoya qilish maqsadida 10 472ta fuqaroga 85,4 mlrd. soʻm taʼlim kreditlari ajratilgan, ularning 55,1 mlrd. soʻmi ayollarning taʼlim olishlari uchun yoʻnaltirilgan.
Parrandachilik yoʻnalishida 86 ta parrandachilik xoʻjaliklari va ozuqa-yem mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarga 266,7 mlrd. soʻm, quyonchilik sohasini rivojlantirish boʻyicha 411 ta loyihalarga 40,7 mlrd. soʻm kredit ajratilib 632 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi.
Hisobot yilida bank tomonidan aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish, kambagʻallikni qisqartirish yoʻnalishida ishlab chiqilgan dasturlarni ijrosida faol ishtirok etib, 81 626 nafar mijozga 1,9 trln. soʻm kreditlar ajratildi va natijada 84 364 nafar aholi bandiligi taʼminlandi.
Ijtimoiy dasturlar doirasida ajratilgan kreditlarning 880,1 mlrd. soʻmi 44 345 nafar xotin-qizlarning, 767,8 mlrd. soʻmi 30 800 nafar yoshlarning tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash maqsadlariga yoʻnaltirilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-iyuldagi PQ- 5177- son “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qarori ijrosini taʼminlash maqsadida bankda “Korrupsiyaga qarshi nazorat” departamenti tashkil etildi.
Bankda korrupsiya haqida xabar berishga moʻljallangan aloqa kanal, yaʼni rasmiy MKBANK.uz sahifa ichida “korrupsiya boʻyicha murojaat” kichik saxifasi ishga tushirildi, elektron mkbanticor@mkb.uz pochta manzili, @mkbanticor_bot telegramm bot va 55-503-77-11 ishonch telefoni tashkil etildi.
Davlat rahbari tomonidan berilgan topshiriqlarni oʻz muddatlarida bajarish hamda bankning maʼmuriy binolarida energiya resurslaridan samarali foydalanish, energiya tejovchi va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini oʻrnatish maqsadida bankning maʼmuriy binolarida bosqichma - bosqich energiya tejovchi va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini oʻrnatish maqsadida 2022-yilning noyabr-dekabr oylarida 14 ta obyektda, jami 360 kVt quyosh panellari oʻrnatildi.
Bank faoliyatini moliyaviy sogʻlomlashtirish, operatsion xarajatlarni qisqartirish hisobiga xizmat koʻrsatish geografiyasini kengaytirish, yangi zamonaviy bank xizmatlari va mahsulotlari soni va sifatini oshirib borish, bank xodimlari va mijozlar uchun qulay shart-sharoit yaratish, mijozga yoʻnaltirilgan individual xizmat turlarini rivojlantirish bank oldida turgan ustuvor vazifalarni ijrosini taʼminlash maqsadida 2023-yilda quyidagi asosiy vazifalar belgilab oldi:
1. Biznes jarayonlarini raqamlashtirishni davom ettirgan holda:
Bankning zamonaviy yangi mobil ilovasini ishlab chiqish va ishga tushirish;
kredit konveyerini toʻliq ishga tushirish;
barcha filiallarda elektron navbat tizimini joriy qilish.
2. Moliyaviy inklyuzivlik loyihalarini amalga oshirish boʻyicha:
sohada xalqaro nufuzga ega kompaniyalar bilan hamkorlikda mikromoliya tashkilotini tashkil etish ishlari davom ettirish;
Green banking loyihalarini amalga oshirish.
3. Korporativ boshqaruv va menejment tizimini takomillashtirish boʻyicha:
“Deloitte & Touche” kompaniyasi bilan hamkorlikda 2 ta;
“PriceWaterhouseCoopers” (PWS) kompaniyasi bilan 5 ta;
“Ernst & Young” kompaniyasi bilan hamkorlikdagi 1 ta loyihalarni davom ettirish;
“Fido-Biznes” MCHJ hamda OOO “EFIKA TECH” bilan hamkorlikda hisobotlarni tezkor va shaffof tayyorlash maqsadida maʼlumotlar omborini (DWH) tashkil qilish.
4. Yil yakuniga qadar 57 ta obyektda 1 806 kVt quvvatga ega quyosh panellari, 71 ta obyektda 14 000 litr hajmdagi quyosh suv isitish qurilmalari oʻrnatish.
5. Barcha moliyalashtirish manbaalari hisobidan 7,0 trln. soʻmdan ortiq kreditlar ajratish, ularning 2,4 trln. soʻmi aylanma mablagʻni toʻldirish, 200,0 mlrd. soʻmi eksportyor korxonlarni qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirish.
6. Hududlardagi 3,2 trln. soʻm qiymatdagi 641 ta loyihalarni ishga tushirish va 6 000 nafar aholi bandligini taʼminlash.
Shu oʻrinda bankimizning barcha aksiyadorlari, mijozlari va hamkorlariga bizga bildirilgan ishonchlari hamda bankning rivojlanishiga qoʻshayotgan hissalari uchun samimiy minnatdorchiligimizni izhor etamiz va kelajakda oʻzaro manfaatli hamkorligimiz yanada samarali boʻlishiga ishonamiz.
Hisobot-matbuot anjumani davomida “Mikrokreditbank” ATB masʼul xodimlari jurnalistlar tomonidan berilgan savollarga javob berishdi.
Bank Axborot xizmati
(1290)