Maʼlumki, yurtimizda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, shuningdek, parrandachilik yoʻnalishidagi tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor berilmoqda. 

Jumladan, Prezidentimizning 2023-yil 10-noyabrdagi PF-193-sonli Farmoni bilan sohada faoliyat yuritayotgan korxonalarga banklar tomonidan ajratilayotgan kreditlar boʻyicha bir qator imtiyozlar berildi.  

Xususan “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” tomonidan 2024-2026-yillarda parrandachilik xoʻjaliklarga milliy valyutada 5 milliard soʻmgacha ajratiladigan kreditlar boʻyicha Markaziy bank asosiy stavkaning 40 foizigacha miqdorda uch yil muddatgacha kompensatsiya taqdim etiladi. 

Shu bilan birga, Prezidentimizning 2021-yil 14-iyundagi PQ-5146-sonli qarori bilan “Mikrokreditbank”ka yoʻnaltirilgan maqsadli mablagʻlar hisobidan parrandachilik xoʻjaliklari va ozuqa-yem mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarda mavjud quvvatlarni toʻliq ishga tushirish uchun 24 oygacha boʻlgan muddatga aylanma mablagʻ ajratish hamda modernizatsiya qilish uchun kreditlar ajratib kelinmoqda. 

Taʼkidlash lozimki, yuqoridagi qaror doirasida bank tomonidan oʻtgan davrda jami 221 ta loyiha uchun 635 mlrd. soʻm kreditlar ajratilib, uning 98 mlrd. soʻmi (15,4 foizi) yangidan tashkil etilgan 80 ta va 538 mlrd. soʻmi (84,6 foizi) kam quvvatda ishlayotgan 140 ta parrandachilik xoʻjaliklariga yoʻnaltirildi. 

Natijada bugungi kunda mazkur korxonalarda ishlab chiqarish quvvatlari tiklanishiga hamda yangi quvvatlar yaratilishiga erishildi. Yaʼni kredit ajratilgan parrandachilik xoʻjaliklarining parranda boqish quvvatlari 41 foizdan 86 foizga yetkazildi.  

Misol uchun, Toshkent viloyatidagi “UMID” MCHJga faoliyatini kengaytirish va modernizatsiya qilish uchun 75 mlrd. soʻm kredit ajratib berildi. Natijada, korxonada yiliga 11,4 ming tonna parranda goʻshti yetishtirish quvvati yaratildi (mavjud quvvati 48 foizdan 95 foizga yetkazildi);

Jizzax viloyatidagi “SANGZOR-POULTRY” MCHJga parranda va ozuqa sotib olish uchun 10 mlrd. soʻm kredit ajratib berildi. Natijada, korxonadagi parrandalar soni 290,0 ming boshga yetkazilib, yiliga 84 mln. dona tuxum ishlab chiqarish quvvati yaratildi (mavjud quvvati 46 foizdan 83 foizga yetkazildi);

Samarqand viloyatidagi “JOMBOY NASLLI PARRANDA” MCHJga aylanma mablagʻlarni toʻldirish uchun 55 mlrd. soʻm kredit ajratib berildi. Natijada korxonada parrandalar uchun yiligan144 ming tonna omuxta yem ishlab chiqarish quvvati yaratildi (mavjud quvvati 41 foizdan 93 foizga yetkazildi).

Bundan tashqari, yuqoridagi qarorga asosan boshqa tijorat banklarida xizmat koʻrsatilayotgan parrandachilik (ozuqa) loyihalari uchun 95,8 mlrd. soʻmlik mablagʻlar qayta moliyalashtirish maqsadida yoʻnaltirildi.

Xususan Turonbankka 2 ta loyihani moliyalashtirish uchun 11,5 mlrd. soʻm, Biznesni rivojlantirish bankiga 10 ta loyihani moliyalashtirish uchun 29,9 mlrd. soʻm, Ipoteka bankka 4 ta loyihani moliyalashtirish uchun 52,3 mlrd. soʻm va Garant bankka 1 ta loyihani moliyalashtirish uchun 2,2 mlrd. soʻm oʻtkazib berildi.

Shuningdek, avval ajratilgan kreditlarning qaytishi hisobiga 22 ta parrandachilik loyihalariga 212 mlrd. soʻm kredit mablagʻlari ajratildi. Mazkur loyihalar toʻliq amalga oshirilishi evaziga yiliga 711 mln. dona tuxum va 62,6 ming tonna parranda goʻshti yetishtirish hamda 188,5 ming tonna tayyor ozuqa ishlab chiqarish quvvatlari yaratiladi. 

Taʼkidlash lozimki, aholini arzon goʻsht va tuxum mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash maqsadida parrandachilik tarmogʻini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.  

Misol uchun, Prezidentimizning 2022-yil 15-iyundagi “Parrandachilik sohasini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora–tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-281-sonli qaroriga asosan parrandachilik xoʻjaliklari va parranda omuxta yemi ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlariga don zaxirasi yaratish uchun 71,0 mlrd. soʻm kreditlar ajratildi. 

Bundan tashqari, qarorga muvofiq bankka kelib tushgan arizalarga asosan 166 ta parrandachilik xoʻjaliklarining 335 mlrd. soʻmlik kreditlarini qaytarish muddatlari 24 oydan 84 oygacha uzaytirib berildi. 

Bank tomonidan parrandachilik yoʻnalishda loyihalarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ishlar bundan keyin ham davom ettiriladi. 

Bank Axborot xizmati