Rost24.uz internet saytida joriy yil 1-may kuni “Mikrokreditbank”ga omonat qo‘yish xavflimi? Bank nega mijozlarni sarson qilmoqda?” nomli maqola eʼlon qilindi.
Mazkur maqolada keltirilishicha, Xorazm viloyati Shovot tumani «Bog‘bon» mahallasida yashovchi fuqaro Nafisa Ro‘ziboeva 2021-yilning 25-yanvarida onlayn tarzda omonat puli qo‘yish uchun Shovot tumanida joylashgan "Mikrokreditbank"ga borgan va bank xodimi onlayn tarzda fuqaroning omonat pulini qabul qilgan, oradan bir yil o‘tib, yaʼni 2022-yilning fevral oyida murojaatchi omonatga qo‘yilgan pullarini so‘raganda bank xodimlari pullar bank kompyuteriga tushgani, lekin qayerga ketgani nomaʼlum ekanini aytishgan. Shundan so‘ng murojaatchi tuman Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan.
Maqolada ko‘rsatilgan vajlar o‘rganilganda quyidagilar maʼlum bo‘ldi:
Аniqlanishicha, 2023-yil 8-fevral kuni fuqaro Nafisa Ro‘ziboeva bankning Xorazm viloyat mintaqaviy filialining Ishonch raqamiga murojaat qilgan. Murojaat o‘rganilganda, mijozga bank tomonidan hech qanday omonat hisobraqam ochilmaganligi hamda shartnoma imzolanmaganligi maʼlum bo‘ldi.
Аslida, fuqaro Nafisa Ro‘ziboeva tomonidan 2021-yil 25-yanvarda 40 000 000 so‘m, 2021-yil 2-avgustda 19 670 000 so‘m miqdoridagi naqd pul mablag‘lari bank kartasiga kirim qilish uchun topshirilgan. Kartaga kirim qilingan 40 000 000 so‘m mablag‘ning 8 159 029 so‘m 70 tiyini Bobojonova Muqaddasga, qolgan 31 840 970 so‘m 30 tiyini Аtamuradova Mohinur nomidagi bank kartalariga shu kunning o‘zida fuqaroning telefonidagi «MKB Mobile» ilovasi orqali o‘tkazilgan.
Bundan tashqari, mijoz 2021-yil 2-avgust kuni bank kassasi orqali 19 670 000 so‘m mablag‘ni o‘zining bank kartasiga kirim qilgan. Ushbu mablag‘ shu kunning o‘zida Аtamuradova Mohinur nomidagi bank kartasiga mobil ilova orqali o‘tkazilgan.
Mazkur fuqaro bilan telefon orqali suhbatlashilganda, Shovot filialida omonatga mablag‘ qo‘ymoqchi bo‘lib bankning sobiq xodimi Mirjalol ismli fuqaroga murojaat qilgani va Mirjalol tomonidan 59 670 000 so‘m pul mablag‘i o‘zining (fuqaro Nafisa Ro‘ziboevaning) bank kartasiga kirim qilib berilganligini maʼlum qildi. Mirjalol fuqaro Nafisa Ro‘ziboevaning telefoniga o‘rnatilgan «MKB Mobile» ilovasidan foydalanib, bank kartasidagi jami 59 670 000 so‘m pul mablag‘ini onlayn omonatga qo‘ymasdan boshqa kartalarga o‘tkazib yuborganini aytdi. Shundan keyin N.Ro‘ziboeva Ichki ishlar boshqarmasi Shovot bo‘linmasiga murojaat qilib, 59 670 000 so‘m pul mablag‘ini Mirjaloldan undirib olganligini, biroq, pul mablag‘lari uchun foizlarini ololmaganligidan noroziligini bildirdi.
Qo‘shimcha maʼlumot uchun, Mirjalol ismli shaxs Shovot filialida 2020-yilning 21-dekabriga qadar faoliyat yuritgan.
Shuningdek, ushbu mablag‘ «Mikrokreditbank» АTBdan emas, balki Ichki ishlar xodimlari tomonidan fuqaro Nafisa Ro‘ziboeva foydasiga fuqaro Otamuratov Mirjalol Norboy o‘g‘lidan undirilgan.
Mazkur fuqarolar o‘rtasidagi pul bilan bog‘liq o‘zaro munosabatlarda «Mikrokreditbank» АTB ishtirok etmagan.
Qayd etib o‘tish joizki, “Rost24” telegram kanalida eʼlon qilingan xabar chuqur o‘rganilmagani va keltirilgan vajlar bankka omonat qo‘yish tartibiga mos emasligi maʼlum bo‘ldi.
Unutmang, bizdagi jamg‘armangiz Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi tomonidan 100 foiz kafolatlangan.
Bank Axborot xizmati