Joriy yilning 10-oktabr kuni Buxoro shahridagi Nodir Devonbegi madrasasida “Orzudan muvaffaqiyatgacha...” I xotin-qizlar forumi boʻlib oʻtdi.

“Mikrokreditbank” ATB hamda Buxoro viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan mazkur forumda Bank Boshqaruv raisi oʻrinbosari Shaxlo Ibragimova, Viloyat hokimi oʻrinbosari – Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshligʻi Feruza Ibragimova, viloyatda faoliyat olib borayotgan tadbirkor ayollar, oʻz tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida boʻlgan xotin-qizlar va OAV vakillari ishtirok etdi. 

photo_2024-10-10_10-54-26.jpg

Forum ikki qismdan iborat boʻldi. Dastlab “Mikrokreditbank” ATBning imtiyozli kreditlaridan foydalanib, oʻz faoliyatini yoʻlga qoʻygan tadbirkorlarning ishlab chiqarayotgan mahsulotlari koʻrgazmasi tashkil etildi. Unda 30 nafarga yaqin hunarmandlar, tadbirkor ayollar oʻzlarining 50 turdan ortiq mahsulotlarini namoyish qilishdi. 

Shundan soʻng forumning asosiy qismiga start berildi. Tadbirkor xotin-qizlar oʻrtasida oʻzaro muloqot muhitini yaratish va tajriba almashinuv sifatida tashkil etilayotgan forumdan koʻzlangan maqsad ham xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish, ularni tadbirkorlikka keng jalb qilish, daromadlarini oshirishga koʻmaklashish, moliyaviy savodxonligini oshirish kabi maqsadlarni oʻz ichiga oladi. Mazkur forum uchun “Orzudan muvaffaqiyatgacha...” shiori bejizga tanlanmadi. Bundan anglash mumkinki, orzularini haqiqatga aylantirgan, aylantirishni niyat qilgan tashabbusli ayollar, xotin-qizlar faoliyatiga nazar solish, qoʻllab-quvvatlash hamda koʻmaklashish kabi maqsadlar mujassam. 

photo_2024-10-10_10-54-30.jpg

Bugun “Mikrokreditbank” ATB tomonidan ham aynan xotin-qizlar tadbirkorligini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, ular faoliyatini rivojlantirishga hissa qoʻshishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Shu o‘rinda ta'kidlash kerakki, respublika boʻyicha 2021-2024-yillarda 190 mingga yaqin xotin-qizlar tadbirkorligiga MKBANK tomonidan birgina Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida imtiyozli shartlarda 3,4 trln soʻmlik kreditlar ajratildi. Shundan Buxoro viloyati boʻyicha 15 mingdan ortiq xotin-qizlar tadbirkorligi uchun 331 mlrd soʻmdan ortiq imtiyozli shartlarda bank kreditlari yoʻnaltirildi. 

Misol uchun, Buxoro shahridagi “Havzi Nav” mahallasi misolida olib qaraydigan boʻlsak, ushbu mahallada 1 342 nafardan ortiq xotin-qizlar istiqomat qiladi. Ular kasanachilik, hunarmandchilik, tadbirkorlik kabi 18 ta yoʻnalishda faoliyat yuritib, oʻz oilalariga daromad keltirmoqda. Yil boshidan buyon mahalladagi 40 nafarga yaqin xotin-qizlarga bank tomonidan 700 million soʻmdan ortiq imtiyozli kreditlar ajratilgan boʻlib, ular uydan chiqmay turib tadbirkorlik ishini boshlashga erishgan. 

photo_2024-10-10_10-54-34.jpg

Xotin-qizlar tadbirkorligi haqida soʻz ketganda, avvalo, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 7-martdagi 122-sonli “Xotin-qizlarning tadbirkorligini yoʻlga qoʻyish va rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorini alohida taʼkidlab oʻtish oʻrinli. Chunki mazkur qaror bilan Oʻzbekistonda ayollar tadbirkorligini yangi bosqichga koʻtarish, biznes vakilalarini qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari aniq belgilab berildi.

Maʼlumot oʻrnida, bank tomonidan 2024-yil 1-oktabr holatiga 103 mingga yaqin subyektga jami 1,7 trln. soʻm kreditlar (shundan, 62 ta yuridik shaxslarga 12,3 mlrd. soʻm, 102 mingdan ortiq jismoniy shaxslarga 1,7 trln. soʻm) ajratilishi natijasida 102 481 nafar aholi bandligi taʼminlandi. Eʼtiborlisi, ushbu kreditlarning 875 mlrd. soʻmi qariyib 60 mingga yaqin xotin-qizlarning loyihalariga yoʻnaltirilgan. Mazkur dastur doirasida ajratilgan kreditlarning 38 foizi yoshlar hissasiga, 51 foizi esa aynan xotin-qizlarning hissasiga toʻgʻri keladi. 

Bugungi kunda ayollar nafaqat oila ravnaqi hamda farzandlar tarbiyasi bilan mashgʻul ona va uy bekasi boʻlishi, balki jamiyat hayotida ham oʻz oʻrniga ega boʻlishlari, turli sohalarda yuksak muvaffaqiyatlarga erishishlari mumkin. Bugungi forum ham buxorolik opa-singillarimiz tadbirkorligini yangi bosqichga olib chiqishga, yanada rivojlantirishga oʻz hissasini qoʻshadi. 

“Orzudan muvaffaqiyatgacha...” Forumini respublikamizning boshqa hududlarida ham tashkil etish maqsad qilingan. 

Bank Axborot xizmati