
Joriy yilning 17-21-fevral kunlari Mikrokreditbank homiyligida Jizzax viloyatidagi “Gulchi opa tomorqa xizmati” klasteri oʻquv markazida chimboylik 25 nafar ishsiz xotin-qiz gulchilik va tomorqa xizmatlari boʻyicha oʻquv seminari tashkil qilinganligi haqida xabar bergan edik. Bugun ushbu oʻquv-seminarning amaliy natijalari koʻrina boshladi — ishtirokchilardan 15 nafari allaqachon oʻz tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Ularga bank moliyaviy koʻmagi bilan issiqxonalar tashkil etib berildi.

Bank Boshqaruv raisi oʻrinbosari Shaxlo Ibragimova Chimboy tumaniga tashrif buyurib, oʻquv-seminardan soʻng amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi. U dastlab Guliston mahallasida boʻlib, gulchilik va issiqxona tashkil qilgan xotin-qizlar faoliyatini koʻzdan kechirdi. Ulardan biri Roza Ilauova. Unga Mikrokreditbank tomonidan issiqxona qurib berilganidan soʻng u yerda Roza opa har xil turdagi gul koʻchatlari va qulupnay koʻchatini parvarishlamoqda. Bu kabi tashabbus Guliston mahallasidagi yana beshta xonadonda joriy etilgan.


Gujumli mahallasida istiqomat qiluvchi Olmagul Qanlibekova ham gul koʻchatlari parvarishi bilan shugʻullanmoqda. U oʻquv-seminar davomida olgan bilimlarini amaliyotga tatbiq etar ekan, bank mas’ullari bilan suhbatda yangi faoliyatidan mamnunligini bildirdi.

Hisob-kitoblarga koʻra, 1 sotix tomorqa yerda tashkil etilgan issiqxonalar yiliga 40 million soʻmgacha daromad keltirishi mumkin. Shuningdek, ayrim xonadonlarda gulchilik bilan birga parrandachilik va chorvachilik faoliyati ham yoʻlga qoʻyilganligi ayollarning daromad manbalarini yanada kengaytirishga yordam beradi.

Hozirda oʻquv-seminarda ishtirok etgan yana 10 nafar xotin-qiz oʻz tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun tayyorgarlik ishlarini olib bormoqda.
Shaxlo Ibragimova chimboylik gulchi opa-singillar bilan uchrashuvida ularning tez orada daromadli tadbirkorlar safida boʻlishlariga umid bildirdi.

Eʼtiborli jihati, ushbu tashabbus nafaqat ishtirokchi ayollarning hayotini yaxshilashga xizmat qiladi, balki ular oʻz tajribalarini kelgusida Chimboy tumanidagi boshqa qator mahallalarda ham joriy qilishi koʻzda tutilmoqda va bu orqali ishsiz xotin-qizlarni tadbirkorlikka yoʻnaltirish maqsad qilingan.
Bank Axborot xizmati

















