
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmon va qarorlariga asosan oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida hunarmandchilik loyihalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Xususan, mamlakatimizda qadimdan milliy qadriyat sifatida rivojlanib kelayotgan hunarmandchilik anʼanalarini asrab-avaylash, aholining keng qatlamlari, ayniqsa, yoshlar va ayollarni sohaga keng jalb etish orqali ushbu turdagi mahsulotlarni ichki va tashqi bozorga chiqarish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Bu borada “Mikrokreditbank” ATB tomonidan “Mahallabay” ishlash orqali aholini hunarmandchilikka keng jalb etish, “usta-shogird” anʼanalari asosida mahallalarda yoshlarga hunar oʻrgatish va ularning bandligini taʼminlash, shuningdek, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida hunarmandchilik faoliyati bilan shugʻullanish istagida boʻlgan hamda bank kreditiga ehtiyoji bor soha vakillariga bank boʻlinmalarimiz tomonidan imtiyozli kredit mablagʻlari ajratib kelinmoqda.
Har bir xalqning oʻzligini ifodalovchi fazilat, belgilaridan biri – uning sanʼatidir. Kulolchilik esa xalqimiz, davlatimizni dunyoga tanitayotgan amaliy sanʼat turlaridan biri.
Keyingi yillarda jahonga yuz tutib borayotgan milliy hunarmandchilikning kulolchilik yoʻnalishini alohida taʼkidlab oʻtishimiz lozim. Bank tomonidan ushbu yoʻnalishdagi tadbirkorlarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2018-2023-yillar davomida 565 nafar mijozga qariyib 27 mlrd. soʻmga yaqin imtiyozli kredit mablagʻlari ajratib berildi. Buning natijasida sohada 1000 ga yaqin yangi ish oʻrinlari vujudga keldi.
Bu borada rishtonlik usta-kulollar faoliyati alohida eʼtiborga molik. Buni bank kreditidan foydalangan kulollarning asosiy qismi, yaʼni 422 nafari yoki 75 foizi aynan ushbu hudud hissasiga toʻgʻri kelishi ham isbotlab turibdi.
Bugun bank tomonidan Fargʻona viloyati Rishton tumanida bank moliyaviy koʻmagida faoliyatini rivojlantirayotgan kulollar faoliyati bilan tanishtirish maqsadida markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur oʻtkazildi.
Jurnalistlar bankning Fargʻona viloyati Rishton filiali mijozi usta-kulol Suhrobjon Rasulov faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.
Suhrobjon Rasulov hunarmand dastlab faoliyatini yakka tartibdagi tadbirkor sifatida boshlagan boʻlib, ushbu mijozga 2017-yilda bank filiali tomonidan dastlab 50 mln. soʻm imtiyozli kredit mablagʻi ajratilgan edi.
Keyinchalik 2018-yilda ushbu tadbirkorga 124 mln. soʻmlik imtiyozli kredit mablagʻi ajratildi, natijada yana ikkita yangi ish oʻrnini yaratdi, tadbirkorning daromad manbai yanada kengaydi.
Shundan soʻng 2020-yilda oʻz faoliyatini kengaytirish maqsadida bankdan 446 mln. soʻm imtiyozli kredit mablagʻi olib, oʻn nafar ishsiz fuqarolar bandligini taʼminlashga erishdi.
Hunarmand Suhrobjon Rasulov ayni paytda oilaviy korxona sifatida faoliyatini davom ettirib kelmoqda.
Taʼkidlash kerakki, “Rasulov Suhrobjon Muminovich” OK (oilaviy korxona)ga 2021-yilda hunarmandchilik yoʻnalishida 2 mlrd.soʻm imtiyozli kredit mablagʻlari ajratib berilgan boʻlib, ushbu kreditlar hisobidan Rishton tumanining “Chek-jalayer” MFYda 106 nafar fuqarolarning bandligi taʼminlanib, korxona tomonidan ishlab chiqarilgan kulolchilik mahsulotlari qoʻshni davlatlar (Qirgʻiziston, Tojikiston va boshqa)ga eksport qilinmoqda.
Shuningdek, tadbir davomida jurnalistlar Mikrokreditbank tomonidan Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida qoʻllab-quvvatlab kelinayotgan Foziljon Ergashev, Rasuljon Maxsudov, Farxodjon Islomov, Shokirjon Axmadjonov, Baxridin Dehqonov, Ilxomjon Butaboyev, Oʻtkirjon Usmonov, Ravshan Tojidinov, Dilafruz Ergasheva kabi usta-kulollar faoliyati bilan ham yaqindan tanishtirildi.
Quvonarlisi, bankning imtiyozli kredit mablagʻlari hisobidan oʻz tadbirkorlik faoliyatini kichik daromad evaziga boshlab, hozirda bir necha bor imtiyozli kredit mablagʻlaridan samarali foydalangan holda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarimiz safi kengaymoqdaki, bu ularning daromad manbaini koʻpaytirib, ishsiz fuqarolar bandligi taʼminlanishiga zamin yaratmoqda.
Bank Axborot xizmati