Mamlakat iqtisodiy hayotida xotin-qizlarning faolligini oshirish, ayollarda tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirish va har tomonlama qoʻllab-quvvatlash bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biri. Bunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 7-martdagi 122-sonli “Xotin-qizlarning tadbirkorligini yoʻlga qoʻyish va rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qarori dasturulamal boʻlib xizmat qilmoqda. “Mikrokreditbank” ATB tomonidan mazkur qaror ijrosini taʼminlash maqsadida, muhim yoʻnalishlarda chora-tadbirlar ishlab chiqilgan va aniq vazifalar belgilab olingan. 

11.png

Bugungi kunda ijtimoiy dasturlar boʻyicha imtiyozli kredit ajratish orqali faoliyati qoʻllab-quvvatlanayotgan oilaviy tadbirkorlar soni 2024-yilning 1-avgust holatida respublika miqyosida 71 693 nafarni tashkil etadi. Ajratilgan kredit miqdori esa 1 trillion 207 milliardga teng. Bu raqamlar oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 118 milliardga oshganini koʻrsatmoqda. Bank tomonidan yoʻnaltirilgan imtiyozli kreditlarning 51 foizi xotin-qizlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgan. Buning natijasida esa 42 ming nafarga yaqin xotin-qizlarimizning bandligini taʼminlashga erishilgan.

Buxoro shahridagi “Havzi Nav” mahallasi misolida olib qaraydigan boʻlsak, ushbu mahallada 1 342 nafardan ortiq xotin-qizlar istiqomat qiladi. Ular  kasanachilik, hunarmandchilik, tadbirkorlik kabi 18 ta yoʻnalishida faoliyat yuritib, oʻz oilalariga daromad keltirmoqda. Yil boshidan buyon mahalladigi 35 nafar xotin-qizlarga “Mikrokreditbank” ATB tomonidan 700 million soʻmga yaqin imtiyozli kreditlar ajratilgan boʻlib, ular uydan chiqmay turib tadbirkorik ishini boshlashga erishgan. Shulardan biri “Havzi nav” mahallasi, Charmgaron koʻchasi 38-uyda istiqomat qiluvchi Sanovar Asadova. U ham oila aʼzolari bilan birga davlatimiz tomonidan berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlardan oqilona foydalanib, oilasining turmush farovonligini yaxshilashga hissa qoʻshmoqda. 

06.png

- Ovsinlarim bilan bir hovlida turamiz. Biz farzandlar tarbiyasi, oshxona va uy yumushlari bilan band edik. Hech birimiz daromadli faoliyat bilan shugʻullanmas edik. Mahalla va bank xodimlari bir necha marotaba uyimizga kelib, biznes loyihalar taklif qilishdi. Ular orasida toʻtiqushlar parvarishi haqidagi gʻoya maʼqul boʻlib, bugungi kunda mana shuning orqasidan yaxshigina daromad kelyapti. Yil boshida Mikrokerditbank tomonidan ajratilgan imtiyozli kreditga ega boʻlib, faoliyatimizni kengaytirdik. Toʻtiqushlarimizning bir jufti 150.000 soʻm. Bir oyda 30-40 juft toʻtiqush sota olamiz, - deydi Sanobar opa Asadova biz bilan suhbatda. 

03.png

Mazkur xonadonga qoʻshni boʻlgan 36-uyda yashovchi Oliya Shukurova ham  bundan ikki yil oldin subsidiya asosida tikuv mashinasi olib faoliyat boshlagan edi. Kelinlarining ham tikish-bichish ishlariga ishtiyoqi borligini koʻrgach, “Mikrokreditbank” ATBdan  100 million soʻm imtiyozli kredit olib, oʻz faoliyatini yanada kengaytirdi. Qoʻshimcha 10 nafar ishchi oʻrinlari yaratishga erishdi. Ish qizgʻin, buyurtma koʻp, hatto ulgurmayapmiz, deydi Oliya opa.

01.png

Mazkur hududda boʻlganimizda ushbu mahallaning xotin-qizlar faoli Nodira Boltayeva bizga kun davomida hamrohlik qildi. Mahalladagi yangilanishlar, oʻzgarishlar, ayniqsa, opa-singillarmiz bandligi, ular uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida toʻlib-toshib gapirdi:

- Mahallamizda 526 ta xonadon boʻlsa, biror xonadon yoʻqki, maʼlum bir kasb yoki hunar turi bilan shugʻullanmasa, - deydi u. – Hatto bir  xonadonda 5-6 ta yoʻnalishlarda faoliyat olib borayotgan tadbirkor xotin-qizlarimiz mavjud. Bugun biz mahallamiz ayollarining koʻzlarida hayotdan rozilikni koʻramiz. Tadbirkorlik faoliyatini boshlash natijasida oʻziga boʻlgan ishonchi ortdi. Bu avvalo, Prezidentimizning xotin-qizlarga yaratib berayotgan imkoniyatlari natijasida deb bilaman. “Mikrokreditbank” ATB bilan hamkorlikda olib borayotgan targʻibot ishlarimiz, ajratilayotgan imtiyozli kreditlar natijasida xotin-qizlarimizning bandligini taʼminlashga erishyapmiz. Bizning mahallamizda ishsiz xotin-qiz qolmadi. Endi ayollarimiz faoliyatini yanada kengaytirish, oʻz mahsuloti uchun yangi bozorlar topishga, yangi ish oʻrinlari yaratishga harakat qilishyapti. Biz, albatta, bank bilan hamkorlikda xotin-qizlarning taklif, tashabbus, muammo va turli masalalardagi murojaatlarini hal etish boʻyicha hamkorligimizni davom ettiramiz. 

10.png

Xotin-qizlarning tadbirkorligini yoʻlga qoʻyish va rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlarni yanada yuqori bosqichga koʻtarish, joylarda, ayniqsa, chekka hududlarda tadbirkor ayollar safini kengaytirish, ularning samarali faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoitlar, qoʻshimcha imkoniyatlar yaratib berish maqsadida “Mikrokreditbank” ATB tomonidan tegishli dasturlar asosida yil yakuniga qadar 2 trillion 207 milliard soʻm miqdorda imtiyozli kreditlar ajratilishi koʻzda tutilgan. Ushbu kredit mablagʻlari ishsiz va tadbirkorlik qilish istagida boʻlgan 27 ming nafarga yaqin xotin-qizlarning loyihalari uchun yoʻnaltiriladi. 

Bank Axborot xizmati