“Mikrokreditbank” aktsiyadorlik-tijorat banki bugungi kunda oʼzining xorijiy kredit liniyalari orqali jalb qilingan mablagʼlari bilan investitsiya jarayonlarida faol ishtirok etib kelmoqda. Jumladan, oʼtgan vaqt moboynida bankka jalb qilingan xorijiy moliya institutlari kredit liniyalarining mablagʼlarini oʼzlashtirish hamda istiqbolli loyihalarni moliyalashtirishga katta eʼtibor qaratilmoqda.

Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining (JISА) “Meva-sabzavotchilik tarmogʼida qoʼshilgan qiymat zanjiri yaratishni rivojlantirish” kredit liniyasining 27,1 mln. АQSh dollari miqdoridagi mablagʼlarni jalb qilingan.

Bugungi kunga qadar ushbu mablagʼlar hisobidan 21,3 mln. АQSh dollari miqdoridagi 18 ta loyihalar moliyalashtirilishi natijasida umumiy maydoni 58 gektar boʼlgan issiqxona kompeksi, 1000 tonnalik meva sabzavotlarni saqlash omborxonasi hamda 300 gektar maydonda intensiv bogʼ tashkil etildi. Ushbu loyihalar toʼliq ishga tushirilishi bilan 500 dan ortiq ishchi oʼrinlari tashkil etiladi.

“Mikrokreditbank” АTB tomonidan Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JISА)ning qolgan mablagʼlari hisobidan hududlardagi meva-sabzavotchilikni rivojlantirish boʼyicha istiqbolli loyihalari moliyalashtirilmoqda.

Jumladan, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining (JISА) “Meva-sabzavotchilik tarmogʼida qoʼshilgan qiymat zanjiri yaratishni rivojlantirish” kredit liniyasi orqali Samarqand viloyati Oqdaryo tumanidagi

“Ecoline Lider Plast” MChJ QKga ajratilgan 773 413 АQSh dollari miqdoridagi kredit mablagʼi hisobiga 1,5 ga maydonga zamonaviy issiqxona va koʼchatxona tashkil etilmoqda.

Loyihani amalga oshirish natijasida korxona issiqxonada pomidor, bodring, bulgʼor qalampiri kabi mahsulotlar yetishrish bilan birga, hududdagi boshqa issiqxona xoʼjaliklariga sifatli koʼchatlar yetkazib berilishi loyihaning afzalliklari va xorijdan jalb qilingan kredit liniyalaridan samarali foydalanish deb hisoblash mumkin.

“Mikrokreditbank” iqtisodiyotning real sektori korxonalarini modernizatsiya qilish boʼyicha ham bir qator amaliy ishlarni olib bormoqda. Shuningdek, bank texnik va texnologik qayta jihozlash hamda ishlab chiqarishni diversifikatsiyalashga doir investitsiya loyihalarini moliyaviy qoʼllab-quvvatlash maqsadlariga qaratilgan investitsiya jarayonlarida faol ishtirok etib kelmoqda.

Jumladan, Osiyo taraqqiyot bankining (OTB) “Chorvachilik sohasida qoʼshilgan qiymat zanjirini yaratishni rivojlantirish” kredit liniyasining 28,0 mln. АQSh dollari miqdoridagi mablagʼlar jalb qilingan. Shundan, bugungi kunda, OTB mablagʼlari hisobidan respublika doirasida chorvachilik sohasi uchun jami 74 nafar mijozga 203,3 mlrd. soʼm ajratilgan.

Xususan, 50 ta chorvachilik loyihasiga 163,5 mlrd. soʼm, 7 ta parrandachilik loyihasiga 24,1 mlrd. soʼm, 12 ta quyonchilik loyihasiga 12,7 mlrd. soʼm, 5 ta baliqchilik loyihasiga 3,0 mlrd. soʼm kredit mablagʼlari ajratilgan.

Qolgan mablagʼlar hisobidan Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 7 noyabrdagi 4512-sonli qaroriga asosan Qoraqalpogʼiston Respublikasi hududidagi loyihalar moliyalashtirilmoqda.

Moliyalashtirilgan loyihalar natijasida 665 dan ortiq yangi ish oʼrinlari tashkil qilingan.

Jumladan, Osiyo taraqqiyot bankining (OTB) “Chorvachilik sohasida qoʼshilgan qiymat zanjirini yaratishni rivojlantirish” kredit liniyasi orqali Аndijon viloyati Ulugʼnor tumanidagi “Shiddat Milk” MChJga ajratilgan 10,0 mlrd. soʼm miqdoridagi kredit mablagʼi hisobiga Germaniyadan 421 bosh Golshtin zotli naslli chorva mollar olib kelib boqilmoqda.

Sut va goʼsht mahsulotlari yetishtirish bilan birga chetdan naslli mollar olib kelib koʼpaytirish, yaʼni respublikamizda naslli chorva mollari tuyoq sonini koʼpayishi loyihaning asosiy afzalliklaridan biri hisoblanadi. Yuqorida taʼkidlab oʼtilgan loyihalar hamda ular asosida amalga oshirilayotgan ishlar xorijdan jalb qilingan kredit liniyasidan samarali foydalanish yoʼlida izchil tarzda davom ettirib kelinmoqda.

Shuningdek, yaqinda bank hamda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi oʼrtasida istiqboldagi masalalarga bagʼishlangan uchrashuv boʼlib oʼtdi.

Ushbu uchrashuvda, “Meva-sabzavotchilik tarmogʼida qoʼshilgan qiymat zanjiri yaratishni rivojlantirish (Faza II)” loyihasi istiqbollari muhokama qilindi. Ushbu yangi loyiha doirasida quyidagi asosiy maqsadlarni amalga oshirish rejalashtirildi:

  • Meva-sabzavotchilik tarmogʼida qoʼshilgan qiymat zanjiri yaratishni rivojlantirish orqali qishloq xoʼjaligi mahsulotlarining eksportini oshirish;
  • Kambagʼallikni hamda ishsizlikni qishloq xoʼjaligi sektorida qisqartirish;
  • Kichik fermer xoʼjaliklari va dehqon xoʼjaliklariga moliyaviy hizmatlarni koʼrsatishni taʼminlash.