Mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, yigit-qizlarning bu sohada o‘z salohiyatini to‘la ro‘yobga chiqarishi uchun yaqindan ko‘maklashish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ana shunday shart-sharoitlar tufayli ko‘plab yoshlar xususiy korxona ochib, aholiga sifatli xizmat ko‘rsatmoqda.

Yosh tadbirkorlarning ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi faoliyatini yanada takomillashtirishga, ota-bobolardan meros kasblarni munosib davom ettirish va kelgusi avlodlarga yetkazishga intilayotgani quvonarlidir.

Navqiron avlod vakillarining tadbirkorlik sohasida faolligini oshirish, ular orasidan iqtidorli, tashabbuskor yigit-qizlarni aniqlash, qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirib borish maqsadida “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi hamda “Mikrokreditbank” hamkorligida tashkil etilgan “Yosh tadbirkor – yurtga madadkor”, “Yosh tadbirkor – kelajakka poydevor” ko‘rik-tanlovlari bu borada muhim ahamiyat kasb etayotir.
Mazkur tanlovlarning Toshkent viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.

– Bu tadbir kichik biznes va xususiy tadbirkorlik vakillari safini yoshlar hisobiga kengaytirish, ularning faoliyatini takomillashtirish va iqtisodiy bilimlarini mustahkamlash, mikrokredit, mikrolizing hamda iste’mol kreditlari olish borasida yangi imkoniyatlar yaratmoqda, – deydi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining Toshkent viloyati kengashi raisi A.Kamolov. – Tanlovlarda ishtirok etish istagini bildirayotgan yoshlar soni yildan-yilga ko‘paymoqda. Joriy yildagi tanlovlarga asalarichilik, maishiy xizmat ko‘rsatish, dehqon xo‘jaligini yo‘lga qo‘yish, issiqxona tashkil etish, hunarmandchilikni rivojlantirish bo‘yicha g‘oyalar, ko‘plab innovatsion loyihalar taqdim etilgani e’tiborga molik.

Tanlovlarning viloyat bosqichida ellik nafar yosh tadbirkor o‘z biznes-rejalari, taklif va loyihalari bilan ishtirok etdi. Malakali mutaxassislardan iborat hay’at a’zolari bu loyihalarni atroflicha o‘rganib chiqdi. Uning yakuniga ko‘ra, olti nafar yosh tadbirkor tanlovning mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi.

Tadbirda istiqbolli loyihalar egalariga tijorat banklari tomonidan imtiyozli kreditlar olish uchun sertifikatlar topshirildi.