Toshkentdagi “Yoshlar ijod saroyi”da “Vatanim taraqqiyotiga mening hissam” shiori ostida o‘tkazilgan yosh tadbirkorlar mahsulotlari ko‘rgazmasi doirasida Markaziy bank tashabbusi bilan “O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini bank tizimidagi ijrosi” mavzuida amaliy uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvda bir qator vazirlik va idoralar, Davlat soliq qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi, “Kamolot” YoIH, O‘zbekiston fermerlar kengashi, “Hunarmand” hamda “Tadbirkor ayol” ishbilarmon ayollar uyushmalari, tijorat banklari, 800 ga yaqin yosh tadbirkor, fermer va hunarmandlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Xususan, tijorat banklari yosh avlod vakillarini tadbirkorlik qobiliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ilg‘or tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish, istiqbolli loyihalarini o‘z vaqtida moliyalashtirishga katta e’tibor qaratmoqda.
Mamlakatimiz Prezidentining “Ta’lim muassasalari bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq 2010-2013 yillarda tijorat banklari tomonidan kasb-hunar kollejlari bitiruvchilariga tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun 222,3 mlrd. so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘lari yo‘naltirildi.
Ta’kidlash joizki, tijorat banklari kollej bitiruvchilarining loyihalarini moliyalashtirishda rag‘batlantiruvchi omillar bilan bir qatorda qulayliklar ham yaratgan. Masalan, banklarda mikrokredit olish uchun ta’minoti etarli bo‘lmagan taqdirda, ta’lim muassasi bitiruvchisi yaqin qarindoshlarining (ota-ona, aka-uka, opa-singil) ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotnomani taqdim etish orqali kafillik berish amaliyoti joriy etilgan.
Har bir tijorat bankining internet saytida talabalarga kreditlar ajratish shartlari, berilgan imtiyozlar va ularni qiziqtirgan boshqa ma’lumotlar joylashtirilgan.
Yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish va ularning tadbirkorlik faoliyatlarini yo‘lga qo‘yishlariga ko‘maklashish maqsadida namunali biznes-rejalar to‘plami elektron shaklda har bir bankning internet saytiga joylashtirildi.
Bundan tashqari, hozirgi paytda respublikamizdagi har bir kasb-hunar kollejiga tijorat banklarining mas’ul xodimlari biriktirilgan bo‘lib, ular kollej bitiruvchilari bilan tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish, bank xizmatlari ko‘rsatish, kreditlar ajratish tartiblarini tushuntirish maqsadida muntazam uchrashuvlar o‘tkazib bormoqda.
Markaziy bank tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar, mahalliy hokimiyatlar, jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan bunday uchrashuvlar mamlakatimizning chekka hududlarida joylashgan kasb-hunar kollejlarida bo‘lib o‘tmoqda. Ularda tadbirkorlikka keng jalb etish, tadbirkorlikni rag‘batlantirishga qaratilgan qonun va qonunosti hujjatlari mazmun-mohiyatlari, shuningdek tijorat banklaridan kreditlar olish tartiblari va boshqa xizmatlar, bu borada yaratilgan imtiyoz va imkoniyatlar xususida batafsil ma’lumotlar berib boriladi. Utkazilayotgan amaliy uchrashuvlarda eng yaxshi deb topilgan biznes-rejalarga imtiyozli kredit olish huquqini beruvchi maxsus sertifikatlar taqdim etish choralari ko‘riladi.
Amalga oshirilayotgan ishlar natijasida ta’lim muassasalari bitiruvchilarining loyihalarini moliyalashtirish hajmi o‘rtacha 2 baravar ortib bormoqda. Bundan tashqari, joriy yilning 10 oyi davomida 19212 talabaga jami 65,1 mlrd. so‘m miqdorida ta’lim kreditlar ajratildi.
Yoshlarning maishiy hayotini yaxshilash, turmush farovonligini oshirish ham banklar e’tiborida qolmoqda. Yangi oila qurgan minglab yoshlar o‘zlarining to‘y marosimlarini o‘tkazishda banklarning kreditidan foydalangan. Hozirgi kunda banklar mablag‘i hisobiga barcha viloyatlarda va Toshkent shahrida 2308 xonadonli 50 ta uy-joy qurilishi davom ettirilmoqda.
Aytish o‘rinliki, hozirgi paytda barcha tijorat banklarida ota-onalarning qiziqishlari, orzu-havasidan kelib chiqib, yoshlar istiqboliga daxldor turli omonatlar joriy etilgan.
Ochiq muloqot tarzida o‘tkazilgan tadbirda tijorat banklarining malakali mutaxassislari tomonidan amaldagi qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati, tadbirkorlik sohasida yaratilgan imtiyozlar, bank xizmatlari turlari va shartlari yuzasidan ma’ruzalar qilindi, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javoblar berildi.