Mamlakatimiz rahbarining “O'zbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmoni va “Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish va davlat xizmatlarini ko'rsatish bilan bog'liq tartibotlarni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori kichik tadbirkorlik rivojida muhim bosqich bo'lib qoladi. Bu haqda mamlakat bank tizimi mas'ul xodimlarining kichik biznes sub'ektlari vakillari va yosh ishbilarmonlar bilan uchrashuvida qayd etildi.

Ma'lumki, so'nggi yillarda mamlakatimizda ishchanlik va investitsiya muhitini yanada tubdan yaxshilash, biznesni yuritishning jahon amaliyotida qabul qilingan baholash mezonlarini joriy etish va shu asosda mamlakatning xalqaro reytingini yanada ko'tarish borasida izchil kompleks chora-tadbirlar ko'rilmoqda.

O'zbekiston bank tizimi ishchanlik muhitini yanada takomillashtirish, yuqori darajadagi qulay investitsion iqlimni yuzaga keltirish, kredit tashkilotlarining shaffofligini ta'minlash asosida tadbirkorlik faoliyatini yuritish shartlarini yaxshilash, ish o'rinlari yaratish va aholi bandligini ta'minlash borasida amaliyotga erkin bozor iqtisodiyoti mezonlari va talablariga to'laqonli javob beradigan tadbirlarni amalga oshirmoqda.

Bugun Markaziy va tijorat banklarining malakali mutaxassislari mahalliy hokimiyatlar va manfaatdor jamoatchilik tashkilotlari bilan birgalikda joylarda tadbirkorlar va aholi bilan turkum ish uchrashuvlari tashkil etib, ularda mamlakat bank tizimidagi eng so'nggi erkinlashtirish choralari batafsil sharhlab berilmoqda. Ana shunday choralardan biri tadbirkorlik taraqqiyotining yangi undalmalariga javob beradigan kichik tadbirkorlik sub'ektlarini kreditlashning yangi tartibi bo'lib, unda biznes tuzilmalarni qo'shimcha rag'batlantirish va imtiyozlar berish choralari ko'rilgan.

Yangi tartibga muvofiq kreditlash ob'ektlari - mikrofirmalar, kichik korxonalar, dehqon va fermer xo'jaliklari safiga oilaviy korxonalar va xususiy tadbirkorlar ham qo'shildi.

Kredit ajratish va uni qoplash muddatlari o'zgardi. Kredit kreditlanayotgan tadbirning o'zini-o'zi qoplashini hisobga olib, qarz oluvchi o'z faoliyatini boshlashi uchun aylanma mablag'larni shakllantirish va investitsiya loyihalarining texnik-iqtisodiy asoslanishini ishlab chiqish uchun 12 oygacha kredit ajratiladi. Investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun ilgari kreditlar uzaytirish huquqisiz besh yil muddatgacha berilgan bo'lsa, endilikda investitsiya kreditlari muddati Bank kengashi tomonidan belgilanadi. Bundan tashqari, agar aylanma mablag'larni to'ldirish uchun kreditlar bir yilgacha ajratilgan bo'lsa, endilikda bunday mablag'larni berish muddati bir yarim yilgacha cho'zildi. Qishloq xo'jalik mahsulotlari ishlab chiqarish uchun aylanma mablag'larni to'ldirishga ajratilgan kreditlarni qoplash muddati 24 oygacha cho'zildi.

Hozirgi paytda barcha kreditlar bo'yicha imtiyozli davrni belgilash huquqi tijorat banklari tomonidan o'rnatiladi. Avvallari faqat investitsiya maqsadlari uchun berilgan kreditlar bo'yicha imtiyozli davr belgilanar edi. Bunda kreditdan foydalanganlik uchun foiz stavkasi kredit shartnomasi asosida belgilanadi.

Shuningdek, qarz oluvchilar olingan kredit summasini muddatidan ilgari qaytarish va ulardan haqiqatda foydalanilgan davr uchun hisoblangan foizlarni to'lashga haqlidir.

Kreditni rasmiylashtirish jarayonlari maksimal darajada soddalashtirildi va optimallashtirildi. Endi qarz oluvchilar bankka kredit arizasi bilan bank hisobraqamidagi pul mablag'lari oqimi ko'rsatilgan holda biznes rejalarini nafaqat qog'ozda, balki elektron shaklda topshirishlari kifoya.

Taqdim etiladigan zarur hujjatlar to'plamiga so'nggi hisobot davridagi buxgalteriya balansi, debitorlik va kreditorlik qarzlari to'g'risidagi ma'lumot, 90 va undan oshiq muddatdagi qarzdorliklar bo'yicha taqqoslama akt, shuningdek, moliyaviy natijalar to'g'risidagi hisobotlar kiritildi. Avvallari bunday hujjatlarni faqat dehqon xo'jaliklari taqdim etmasdi, endilikda bunday engillik yangi tashkil topgan yuridik shaxslarga, yakka tadbirkorlarga va yuridik shaxs bo'lmasdan faoliyat ko'rsatayotgan dehqon xo'jaliklariga ham taalluqlidir.

Shuningdek, bankka kredit ta'minoti ham taqdim etiladi. Bu garovi mulki yoki qimmatli qog'oz, bank yoki sug'urta tashkilotining kafolati, uchinchi shaxslarning kafilligi, sug'urta kompaniyasining qarz oluvchi tomonidan qoplanmaslik riski bo'yicha sug'urta polisi bo'lishi mumkin.

Qarz oluvchi arizasi avvalgidek 3 kun ichida ko'rib chiqiladi va kredit qo'mitasining qarori chiqariladi. Ariza “Arizalarni qayd qilish kitobi”da qayd etiladi va qarz oluvchiga ariza qabul qilingani haqida ma'lumot beriladi. Elektron tarzdagi arizaga elektron javob beriladi.

Tijorat banklari tez orada tadbirkorlik sub'ektlari hsiobraqamlaridan soliq va davlat byudjetiga o'tkazilayotgan boshqa majburiy to'lovlardan to'lov undirishdan voz kechadilar.

Ishchanlik muhitini takomillashtirish maqsadida tijorat banklari aholi va mijozlar bilan hamkorlik qilishning elektron shakllarini joriy etish choralarini ko'rishmoqda. Prezident farmoniga binoan banklar Yagona davlat interaktiv xizmatlari portalida “tadbirkorlik sub'ektining kabineti” orqali interaktiv xizmatlar ko'rsatishni tezroq kiritish choralarini ko'rmoqda. Ana shunday kabinet tufayli tadbirkorlar uchun ofisida turib moliya, soliq, statistik va boshqa hisobotlarni taqdim etish va rasmiylashtirish imkoniyati paydo bo'ladi. Internet-banking tizimi orqali xizmat ko'rsatish kengaytiriladi, soliq va boshqa majburiy to'lovlar, kommunal to'lovlar, litsenziya va ruxsatnomalar uchun olinadigan davlat bojlari va yig'imlarini mana shu tizim orqali amalga oshirishlari mumkin. Yaqin orada nazorat-kassa va boshqa to'lov terminallarini olish uchun elektron ariza topshirishning o'zi kifoya qiladi. Tadbirkorlar tez orada bir yil muddatgacha olinadigan milliy valyutadagi kredit ariza va boshqa hujjatlarini “bitta darcha” printsipida elektron shaklda topshirishlari mumkin.

Umuman olganda, amalga oshirilayotgan o'zgarishlar mamlakat iqtisodiy hayotidagi ishchanlik va investitsiya muhitini yaxshilaydi, bank va tadbirkorlik doiralari qrtasidagi munosabatlarga ijobiy ta'sir ko'rsatadi.