Mamlakatimiz bank tizimi vakillari va jurnalistlarining navbatdagi uchrashuvi O'zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatining amaldagi ijrosi borishiga bag'ishlandi.

Unda tijorat banklari va “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining mas'ul xodimlari, xorijiy ekspertlar ishtirok etdi.

Yoshlar mamlakat iqtisodiy hayotida katta kuch va g'ayrat sarflashga qodir, harakatchan, barcha yangi hodisalarni tez qabul qiluvchi va o'zlashtiruvchi jamiyatimizning faol qismi hisoblanadi. So'nggi paytda mamlakatimizda yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish zamonaviy iqtisodiyotning ustivor yo'nalishlaridan biri bo'lib bormoqda. Yoshlarni tadbirkorlik faoliyati bilan shug'ullanishini rag'batlantirish choralari davlat miqyosidagi masalaga aylangan.

Tadbirkor yoshlar safining kengayishi malakali kadrlar tayyorlash barobarida milliy iqtisodiyotni innovatsion rivojlanish yo'lidan borishini ta'minlaydi. Aynan mana shu taraqqiyot yo'li yosh, tashabbuskor, yangicha fikrlaydigan tadbirkorlar avlodini shakllantirishni toqoza etadi.

Mamlakatimiz rahbarining bu yo'nalishdagi ikkita muhim - “Ta'lim muassasalari bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish borasidagi qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmoni va “O'zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori yoshlar tadbirkorligini printsip jihatdan yangi, har tomonlama to'kis darajaga olib chiqish, yoshlar salohiyatidan oqilona foydalanishga chaqiriqdir.

Yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish barobarida yana boshqa muhim ijtimoiy masalalar - yoshlar bandligini ta'minlash, yangi ish o'rinlari yaratishni ham ko'zda tutadi.

Binobarin, mamlakatimiz tijorat banklari ushbu yo'nalishning rivojlanish tendentsiyalarini belgilashda muhim o'ringa ega bo'lib bormoqda.

Markaziy bank, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, Savdo-sanoat palatasi hamda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan yoshlar, ayniqsa kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini tadbirkorlikka faol jalb etish va ularga biznes loyihalarini amalga oshirish uchun mikromoliyaviy xizmatlar ko'rsatish ko'lamini yanada kengaytirishga doir kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Uning asosiy maqsadi yoshlar o'rtasida tadbirkorlik faoliyatini ommalashtirish, ularni tadbirkorlikka ommaviy jalb etish, biznes yuritish malakasini shakllantirish, biznes g'oyalarini moliyalashtirish, bozordagi faoliyatini olib borishda har jihatdan ko'maklashishdan iborat.

Shu maqsadda tijorat banklari yoshlar tadbirkorligi rivojidan manfaatdor bo'lgan jamoatchilik tashkilotlari bilan birgalikda mamlakatimiz bo'ylab “Mening biznes g'oyam” va “Yosh tadbirkor – yurtga madadkor” loyihalari amalga oshirildi. O'rta-maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalari bitiruvchilarini kasbga yo'naltirish, tadbirkorlik ko'nikmalarini shakllantirishga qaratilgan ushbu tadbirlarda tijorat banklari tomonidan 59 nafar yosh tadbirkorga imtiyozli (yillik 5 foiz) kredit olishlari uchun diplomlar hamda 200 dan ortiq yosh tadbirkorga imtiyozli (yillik 10 foiz) kredit olishlari uchun sertifikatlar taqdim etildi.

Ta'kidlash joizki, o'tgan yili bank tizimi yoshlarning tadbirkorlikka jalb etish borasida keng miqyosda targ'ibot-tashviqot ishlari olib bordi. Xususan, yil davomida joylarda, ayniqsa respublikamizning eng chekka tumanlarida aholi, yosh tadbirkorlar va kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari o'rtasida 250 dan ortiq turli anjumanlar - forumlar, seminarlar, amaliy uchrashuvlar va davra suhbatlari tashkil etildi.

Markaziy bank tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar, mahalliy hokimiyatlar, jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan bunday anjumanlarda tadbirkorlikka keng jalb etish, tadbirkorlikni rag'batlantirishga qaratilgan qonun va qonunosti hujjatlari mazmun-mohiyatlari, shuningdek banklardan kredit olish tartiblari va boshqa xizmatlar, bu borada yaratilgan imtiyoz va imkoniyatlar xususida batafsil ma'lumotlar berib borilmoqda. Bu sira anjumanlar yoshlarning mustaqil ish boshlash, bozor munosabatlarining asosiy mezonlarini bilish va boshqa ruhiy-psixologik to'siqlarni bartaraf etishiga yordam bermoqda, boqimandalik illatidan xalos etmoqda.

O'tgan yilning noyabrь oyida Yoshlar ijod markazida tijorat banklari O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda “Vatanim taraqqiyotiga mening hissam” shiori ostida yosh tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ko'rgazmasini tashkil etdi. Ko'rgazma doirasida Markaziy bank tashabbusi bilan “O'zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatining bank tizimidagi ijrosi” mavzusida amaliy uchrashuv tashkil etildi.

Unda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, “Kamolot” YoIH, “Tadbirkor ayol” Ishbilarmon Ayollar uyushmasi va tijorat banklarining rahbar xodimlari, 800 dan ortiq yosh tadbirkor, fermer va hunarmandlar hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etishdi.

Banklar yosh tadbirkorlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, tadbirkorlik sohasidagi bilim va ko'nikmalarini oshirish, ularning biznes-rejalarini ro'yobga chiqarish, kollej bitiruvchilarini ish bilan ta'minlashga qaratilgan loyihalarni peshma-pesh moliyalashtirib bormoqda.

Jumladan, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilariga tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish uchun joriy yilda 2013 yilga nisbatan 1,4 baravar ko'p, ya'ni 200,9 mlrd. so'm miqdorida imtiyozli mikrokreditlar ajratildi. Natijada 250 ming yosh yigit-qiz ish bilan ta'minlandi. Banklar tomonidan yoshlar biznesini moliyaviy qo'llab-quvvatlashni keskin oshirish choralari ko'rib borilmoqda. O'tgan yili yosh tadbirkorlar, hunarmandlar va fermerlarning 322,4 mlrd. so'mga teng loyihalari moliyalashtirildi.

Bundan tashqari, banklarning 234,8 mlrd. so'm miqdorida ipoteka kreditlari, 74,4 mlrd. so'm miqdorida iste'mol kreditlari orqali minglab yoshlar o'zlarining uy-joylari va oilaviy farovonliklarini yaxshilab oldilar. Bundan tashqari, iqtidorli yosh oilalarni qo'llab-quvvatlashni yanada kengaytirish uchun tijorat banklarining 90 mlrd. so'mdan ziyod mablag'lari hisobiga joylarda ko'p qavatli "Kamolot" uylari qurib foydalanishga topshirilmoqda. Bu uylar Vazirlar Mahkamasining “Mamlakatning ijtimoiy hayotida faol qatnashayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan ta'minlashni yanada qo'llab-quvvatlash chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga muvofiq yosh oilalarga boshlang'ich badalsiz 20 yil muddatga, jumladan 5 yillik imtiyozli davr bilan Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasiga teng foizda imtiyozli ipoteka krediti asosida beriladi.

Banklarning 68 mlrd so'm miqdordagi kreditlari hisobiga minglab yoshlar oliy ta'lim muassasalaridagi o'qishini davom ettirmoqdalar. Ta'kidlash joizki, tijorat banklari kollej bitiruvchilarining loyihalarini moliyalashtirishda rag'batlantiruvchi omillar bilan bir qatorda qulayliklar ham yaratgan. Masalan, banklarda mikrokredit olish uchun ta'minoti etarli bo'lmagan taqdirda, ta'lim muassasi bitiruvchisi yaqin qarindoshlarining (ota-ona, aka-uka, opa-singil) ish haqi to'g'risidagi ma'lumotnomani taqdim etish orqali kafillik berish amaliyoti joriy etilgan.

Yoshlar tijorat banklarining veb sahifasi orqali kreditlar ajratish shartlari, berilgan imtiyozlar va boshqa xizmatlar bo'yicha tegishli ma'lumotlar bilan tanishish imkoniga egalar. Har bir bankning internet saytiga joylashtirilgan namunali biznes-rejalar to'plami yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish va tadbirkorlik faoliyatlarini yo'lga qo'yishlariga ko'mak beradi. Uchrashuvda jurnalistlarga bank tizimining ushbu yo'nalishda joriy yilda olib boriladigan ishlari xususida axborot ham berildi.