Toshkent Davlat iqtisodiyot universitetida 2014-2015 o'quv yili bitiruvchilari uchun “Karera Kuni” o'tkazildi

Tadbir Toshkent Davlat iqtisodiyot universiteti, O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda “Mikrokreditbank” aksiyadorlik-tijorat banki hamkorligida tashkil etildi. Unda vazirliklar, idoralar, qo'mitalar, o'quv va ilmiy muassasalar, korxonalar, tashkilotlar vakilari va talabalari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda yoshlarni hususan, oliy ta'lim muassasalari bitiruvchilarini ish bilan ta'minlash borasida keng ko'lamli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganligi yosh kadrlarga katta imkoniyatlar yaratmoqda.

Bu galgi tadbirdan ko'zlangan asosiy maqsad ham bakalavriat va magistratura ta'lim yo'nalishlari bo'yicha universitet bitiruvchilarining maxsus, kasbiy va malakaviy bilimlari hamda qobiliyatlarini taqdirlash, universitet bitiruvchilarini ish bilan ta'minlash borasida muzokaralar olib borish. Shuningdek, o'quv rejasiga asosan, talabalarning turli tashkilotlarda amaliyotlar o'tkazish, ish beruvchi korxona va tashkilot bilan bakalavriyat va magiztratura bitiruvchilari o'rtasida ishga joylashish bo'yicha aloqalar o'rnatish va shartnomalar tuzish.

Tadbirda korxona va tashkilotlar mas'ul xodimlari turli ko'rgazmali jihozlar va muassasadagi mavjud bo'sh ish o'rinlari to'g'risidagi ma'lumotlar bilan qatnashib, bitiruvchilar ish beruvchilar bilan bevosita muloqotda bo'lishdi. Mazkur jarayonda bitiruvchilar ishga joylashish borasida o'zlarini qiziqtirgan ma'lumotlar bilan tanishdilar. O'z navbatida tadbirda qatnashgan korxona va tashkilolar mutasaddi xodimlari ham bitiruvchilar bilan bevosita suhbat o'tkazish, o'zlariga zarur bo'lgan kadrlarni ishga taklif etish imkoniga ega bo'lishdi.

Matbuot xizmati