Bugun Toshkentdagi Ko'rgazma Savdo markazida Respublika Markaziy banki tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar hamda Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo'mitalari, O'zbekiston Axborot texnologiyalari korxonalari va tashkilotlari assotsiatsiyasi, Banklar Assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda bank texnologiyalari, asbob-uskunalari va xizmatlari VIII-yillik BankExpo-2015 milliy ko'rgazmasi tashkil etildi.

Navbatdagi anjuman mehmonlari - tadbirkorlik sub'ektlari va mijozlar bank-moliya tizimining so'nggi yutuqlari va istiqboldagi rivojlanish yo'nalishlari, yangi texnologiya va xizmatlar bilan yaqindan tanishtiriladi.

Joriy yilda o'tkazilayotgan ko'rgazmaning asosiy yo'nalishi mamlakatimiz rahbarining “O'zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarorida ilgari surilgan vazifalar ijrosini ta'minlash, xususan kichik tadbirkorlik sub'ektlari, oilaviy biznes, o'z tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo'lgan ta'lim muassasalari bitiruvchilari, ayollar tadbirkorligini rivojlantirishga qaratilgan bank xizmatlari bo'yicha ma'lumot va maslahatlar berishga qaratilmoqda.

Mamlakatimizda bozor munosabatlari tobora ilgarilab borar ekan, bank tizimi milliy iqtisodiyot ravnaqini belgilovchi asosiy mexanizmga aylanib, aholi va xo'jalik sub'ektlarining bo'sh pul mablag'larini akkumulyatsiya qilish va ularni sohalar bo'yicha qayta taqsimlash, tadbirkorlik tuzilmalarining ichki va tashqi munosabatlaridagi hisob-kitoblarni ta'minlab kelmoqda.

Mamlakatimiz bank tizimi faoliyatining mukammal kasb etib borishini bugungi kunda balog'at yoshidagi aholining barchasi bank xizmatlari bilan qamrab olingani, bank xizmatlaridan foydalanish darajasining o'sishini mamlakatimizda har yuz ming katta yoshdagi aholiga 49,7 ta bank muassasasi to'g'ri kelayotgani, har ming kishi nomiga 1028 ta bank hisobraqami ochilganida ham ko'rishimiz mumkin. Tadbirkorlik sub'ektlari va mijozlarning bank bilan munosabatlari elektron platformaga ko'chirilmoqda.

Bundan tashqari, etakchi xalqaro reyting kompaniyalari tomonidan mamlakatimizning barcha tijorat banklariga “barqaror” reyting bahosi taqdim etilgan. Ko'rgazma bank faoliyatining taktik va strategik yo'nalishlarini aniqlash, xizmatlar turlarini kengaytirishga sharoiyat yaratadi.

Ko'rgazma mehmonlari banklar tomonidan taqdim etilayotgan kreditlar turlari va ajratish mexanizmlari, jamg'arma va depozitlar, boshqa xizmatlari, umuman o'zlarini qiziqtirgan savollar bo'yicha to'liq axborot olish, banklarning mas'ul xodimlari bilan bevosita muloqot qilish imkoniga ega bo'ladilar.

Yillik anjuman davomida salohiyatli mijozlarni kreditlash shartlari, boshqa moliyaviy xizmatlar ko'rsatish tartiblari, zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish darajasi bilan yaqindan tanishtiriladi.

Ko'rgazmada mamlakatimizning barcha tijorat banklari, Lizing beruvchilar assotsiatsiyasi, etakchi sug'urta kompaniyalari hamda mahalliy va xorijiy axborot texnologiyalari kompaniyalari ham o'z mahsulotlari va xizmatlari to'g'risida hikoya qiluvchi stendlari bilan ishtirok etmoqda.

Shu bilan birga, ko'rgazmada bugungi kunda kichik biznesni, xususan yoshlar tadbirkorligini qo'llab-quvvatlashda bank tizimi bilan keng hamkorlik qilib kelayotgan Davlat soliq qo'mitasi, “Kamolot” YoIH, Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi va boshqa bir qator tashkilotlar ham qatnashmoqda.

Ko'rgazma dasturi keng va rang-barang bo'lib, unda davra suhbatlari, seminarlar, taqdimotlar, uchrashuvlar, master-klasslar tashkil etiladi. Eng muhimi, bank xizmatlari iste'molchisi qisqa muddat ichida bozorga taklif etilayotgan xizmatlar bilan tanishish, taqqoslash, mutaxassislardan kerakli maslahatlar olish, muzokaralar o'tkazish imkoniga ega bo'ladi.

Bugungi kunda tijorat banklarining keng ommaga, biznes tuzilmalarga etkazishi, ko'rsatishi lozim bo'lgan xizmatlari bir talay. So'nggi paytda bank infratuzilmasida sezilarli o'zgarishlar yuz berdi. Kredit axboroti almashinuvi tizimining yo'lga qo'yilishi mijozlar haqida ob'ektiv va xolis axborot olish, bank tavakkalchiliklarini kamaytirish, xususan, kredit axborotidan foydalanuvchilarga kredit axboroti sub'ektlarining kredit qobiliyati, moliyaviy holati, to'lov qobiliyati va to'lov intizomini baholash va boshqa xizmatlar ko'rsatishda qo'l kelib, bank tizimining samarali faoliyat yuritishiga sharoit hozirlayotgan bo'lsa, garov reestrining joriy etilishi kreditlar, zayomlar va boshqa moliyaviy operatsiyalarni rasmiylashtirish jarayonlarini yanada takomillashtirish, garov mulkiga asosan moliyaviy xizmatlar ko'rsatadigan kreditorlar tavakkalchiliklarini kamaytirish va garov oborotini kengaytirish hisobiga kichik biznes vakillarining moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirdi. Natijada banklarning amaldagi operatsiyalari va xizmat turlari sifat jihatdan takomillashdi. Kichik tadbirkorlik tuzilmalarini kreditlash tartibi soddalashtirildi, bank ishi sohasida tadbirkorlik sub'ektlariga ruxsatnoma berish tartibi erkinlashtirildi.

Bank tizimining moliyaviy barqarorligi va o'sish ko'rsatkichlari, xalqaro indikatorlar asosida tahlil qilinganda, yuqori darajadagi baholarga muvofiq keladi. Jumladan, bank tizimi faoliyatining asosiy indikatorlari, chunonchi, «banklarning umumiy kapitali etarliligi», «tijorat banklarining likvidligi», «depozitlar hajmining dinamikasi», «kredit qo'yilmalari hajmining o'zgarishi» 2014 yil yakunlari bo'yicha yuqori bahoga mosdir. Aynan ushbu ko'rsatkichlar banklarning kredit va investitsiyalash imkoniyatlarini oshirish, yangi bank texnologiyalarini amaliyotga dadil joriy etish asosi bo'lmoqda.

Shu munosabat bilan ko'rgazma davomida Markaziy bank tomonidan ishlab chiqilayotgan “Elektron tijorat to'g'risda”gi qonun loyihasi ham turli soha vakillari ishtirokida keng muhokama etiladi. Mazkur hujjat tadbirkorlikni rivojlantirish va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashda qo'shimcha sharoitlar, shu jumladan xalqaro standartlarga javob beradigan texnologik bozor infrastrukturasi ravnaqini ta'minlaydi.

Mamlakatimiz banklari mijozlarning yangi avlodi talablariga javob beradigan yuqori texnologik ishlanmalardan keng foydalanib, zamon bilan qadamba-qadam bormoqda. Bu sa'y-harakatlar samarasi o'laroq banklar tomonidan iste'molchilarning ehtiyojini oldindan sezish va ularning istak-xohishlariga mos ravishda xizmat ko'rsatishga sharoit yaratilmoqda. Binobarin ko'rgazmada, omma e'tiboriga O'zbekiston bank-moliya sohasining yangi zamonaviy texnologiyalari va mahsulotlari, interaktiv xizmatlar, xususan internet banking, bank-moliya muassasalari va mijozlar o'rtasidagi munosabatlarni yanada yuqori pog'onaga olib chiquvchi eng yangi axborot dasturlari havola etiladi.

Mazkur ko'rgazma ishtirokchilar va mehmonlarning bank tizimi yutuqlari, rivojlanish istiqbollari haqida o'zaro axborot va tajriba almashish, manfaatli hamkorligini kengaytirishga, umuman olganda mamlakatimizda bank ishi taraqqiyotiga, iqtisodiyot sub'ektlari va aholining bank xizmatlariga bo'lgan talabini to'la qondirishiga qulay sharoit yaratadi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki